Polsha sobiq ichki ishlar vaziri Mariush Kaminski va uning o‘rinbosari Matsey Vonsik afv etilganidan so‘ng qamoqdan ozod etildi, deb xabar bermoqda RMF24.
Kaminski Radom shahrida, Vonsik esa Pshitulax Starda hibsda saqlanayotgan edi.
O‘tgan kecha Polsha prezidenti Anjey Duda Kaminski va Vonsiklar afv etilgani haqida e’lon qilgandi.
“Janob Kaminski va Vonsik afv etildi. Men buni chin dildan tasdiqlayman. Adliya vaziri va Bosh prokurorga ushbu masalani zudlik bilan hal etishni so‘rab murojaat qilaman. Zudlik bilan hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun yuboramiz. Men prezident qarorini darhol amalga oshirishga va shu munosabat bilan ularni zudlik bilan qamoqdan ozod qilishga chaqiraman”,— dedi Duda hamda ular “gumanitar, insoniylik va davlatga oid sabablarga ko‘ra” ozod etilganini qo‘shimcha qildi.
Qamoqdan chiqqanidan keyin Kaminski siyosiy faoliyatini davom ettirishga va’da berdi.
“Bu kurash davom etmoqda. Bu uzoq yo‘l, og‘ir yo‘l bo‘lishi mumkin, lekin biz albatta g‘alaba qozonamiz”, — deb ta’kidladi sobiq vazir. “Janob Tusk (bosh vazir), janob Golovniya (Polsha Seymi spikeri), biz tez orada ko‘rishamiz”.
Shundan so‘ng, IIVning sobiq rahbari mashinaga o‘tirib, jo‘nab ketgan.
Kaminski va uning o‘rinbosari dekabr oyida 2015-yilgi ish bo‘yicha (Markaziy aksilkorrupsiya byurosini boshqargan vaqtida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgani uchun) ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Yanvar oyida ular Varshavadagi prezident saroyiga mehmon sifatida kelganida hibsga olindi. Qamoqxonada sobiq vazir ochlik e’lon qildi.
Izoh (0)