Vengriya Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga yordam berishga tayyor, dedi bosh vazir Viktor Orban.
Shu bilan birga, u Ukrainani moliyalashtirish Yevropa Ittifoqi budjetiga zarar keltirmasligi kerakligini ta’kidladi. Orbanning fikricha, Ukraina ehtiyojlari uchun tuziladigan har qanday moliyaviy fond Yevropa budjetidan alohida bo‘lishi kerak.
“Agar biz Ukrainaga yordam berishni istasak va buni qilishimiz kerak deb hisoblasak, buni Yevropa Ittifoqi budjetiga zarar keltirmaydigan tarzda qilishimiz lozim. Ammo Yevropa Ittifoqi budjetidan to‘rt yilga oldindan 50 milliard yevro ajratish Yevropa Ittifoqi suvereniteti va milliy manfaatlarini buzish hisoblanadi. Biz chorak yil ichida nima bo‘lishini ham bilmaymiz”, - dedi Orban Slovakiya hukumati rahbari Robert Fitso bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Viktor Orbanning qayd etishicha, agar Bryussel bu shartni qabul qilmasa, u holda Budapesht Kiyevga yordam berish bo‘yicha kelishuv jarayonini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.
2023-yil dekabr oyi o‘rtalarida Vengriya bosh vaziri Ukrainaga 50 milliard yevrolik uzoq muddatli yordam dasturi bo‘yicha qarorga veto qo‘ydi. Agar Kiyevga beriladigan yordam miqdori har yili qaytadan ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, Vengriya vetoni bekor qilishga tayyor. Financial Times nashrining yozishicha, Yevrokomissiya bu talablarni bajarishga tayyor.
Izoh (0)