Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida 5 yoshli o‘g‘lini o‘ldirmoqchi bo‘lgan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 26-dekabr kuni soat 22:00 larda 34 yoshli erkak yanvar oyida ajrashib ketgan turmush o‘rtog‘i yashab kelayotgan uyiga borib, birgalikda yashash to‘g‘risida kelisha olmasdan, janjallashib, unga o‘zi va farzandlarini o‘ldirishini aytib, uyiga qaytib kelgan.
Shundan so‘ng, u shu kuni soat taxminan 23:10 larda oshxona pichog‘i bilan o‘zi bilan birgalikda yashab kelayotgan 2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini qasddan o‘ldirish maqsadida bo‘yin sohasiga uch marotaba pichoq tortgan.
Shu vaqtda xonadondagi baqir-chaqirlarni eshitgan akasi qo‘lidan pichoqni tortib olib qo‘ygan. Natijada erkak o‘g‘lini qasddan o‘ldirish jinoyatini oxiriga yetkaza olmagan.
Holat yuzasidan 27-dekabr kuni Mingbuloq tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Izoh (0)