Hududlarning huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil natijalari eʼlon qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati “Daryo”ga xabar bermoqda.
Hududlarning indeksi 7 ta yo‘nalishdagi 32 ta indikatorlar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning 85 mingdan ortiq statistik maʼlumotlari hamda 24 mingga yaqin aholi, deputatlar, sudyalar, tadbirkorlar, advokatlar, jurnalistlar, NNT vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga asoslanadi va barcha maʼlumotlar inson omilisiz shakllantirilgan.
2022-yil yakunlari bo‘yicha Indeksda eng yaxshi ko‘rsatkichni Surxondaryo viloyati (72 ball) qayd etgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlarni Buxoro (67,8 ball), Samarqand (66 ball) va Farg‘ona viloyati (66 ball) qayd etgan.
Xususan:
Hududlarda qonun hujjatlariga rioya qilinishi yo‘nalishi – 81 ball to‘plagan va 2021-yilga nisbatan 8 ball yuqorilagan. Qonun hujjatlariga rioya etishning eng past darajasi Samarqand (60,5 ball) viloyatida, eng yaxshi holat Navoiy (78,9 ball) viloyatida qayd etildi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarining taʼminlanishi – 71 ball to‘plagan bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 1 ballga kamaygan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichni Surxondaryo (72,5 ball), qoniqarsiz ko‘rsatkichni Farg‘ona (66,3 ball) viloyati qayd etgan.
Odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi – 67 ball to‘plagan bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 1 ballga kamaygan. Ushbu yo‘nalishda Farg‘onaning (73,6 ball) ko‘rsatkichi yaxshiroq bo‘lib, Toshkent shahrida (57,5 ball) esa ko‘rsatkich ancha pastligini kuzatish mumkin.
Huquq-tartibot o‘rnatilganligi va xavfsizlikning taʼminlanganligi – 63 ball to‘plagan (2021-yilda – 63 ball). 2022-yilda fuqarolar sog‘lig‘iga va mulkiga tajovuz qilishga oid jinoyatlar va huquqbuzarliklar soni 189 ming 157 tani tashkil qilgan, 126 ming 288 (67%) nafar fuqaro jabr ko‘rgan.
Mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi – 62 ball to‘plagan bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 1 ballga yaxshilangan. Ushbu yo‘nalishda respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichi 62 ball bo‘lsa, eng yaxshi ko‘rsatkich Surxondaryo va Farg‘onada (70 ball), eng quyi ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘istonda (52 ball) ekanligi aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi – 73 ballni tashkil etgan bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 1 ballga yaxshilangan. Bu yo‘nalishda Qoraqalpog‘iston (81 ball) ijobiy ko‘rsatkichni qayd etgan bo‘lsa, Farg‘onada (61 ball) qoniqarsiz ahvol kuzatildi.
Hokimiyat institutlarining shaffofligi – 64 ball to‘plagan bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 9 ball yuqorilagan. Hokimiyat institutlarining shaffoflik ko‘rsatkichi hududlar bo‘yicha nisbatan yaxshiroq vaziyat Samarqandda (72,5 ball) qayd etilgan bo‘lsa, Farg‘onada (66,3 ball) ushbu ko‘rsatkich pastroq hisoblanadi.
Veb-saytlarni yuritishda qonunchilik talablariga rioya qilish ko‘rsatkichi nisbatan past hududlar sifatida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari qayd etilgan. Eng yaxshi ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonga tegishliligi aniqlandi.
Taʼkidlanishicha, ko‘rsatilgan muammo va kamchiliklar O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy sohadagi ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlariga salbiy taʼsir o‘tkazmoqda.
Izoh (0)