Amerika Kongressi qo‘shimcha budjet mablag‘larini tasdiqlashdan bosh tortsa, Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati 2024-yil yanvaridan boshlab Ukrainaga yangi qurol paketlarini yetkazish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu haqda AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Kongress AQSH prezidenti Jo Bayden so‘ragan mablag‘larni ma’qullamasa, “dekabr oyi oxirida Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga muhim qurol tizimlarini yuborish uchun resurslar to‘play olmaydi”.

“Demak, yanvar oyidan boshlab bizda Ukrainaga qurol jo‘natib, so‘ngra o‘z zaxiralarimizni to‘ldirish imkoniyati bo‘lmaydi”, — dedi Amerika yetakchisining maslahatchisi Vashingtonda The Wall Street Journal tomonidan tashkil etilgan forumda so‘zlagan nutqida.
Agar Kongress rad etsa, dedi u, Qo‘shma Shtatlar endi Ukrainaga havo mudofaa tizimlarini yubora olmaydi va ularning Patriot (havo hujumidan mudofaa tizimlari) va boshqa tizimlar uchun o‘q-dorilar zaxiralari kamayishni boshlaydi.
“Vaqt o‘tishi bilan Ukrainaning jang maydonidagi harbiy salohiyati pasayadi”, dedi Sallivan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari uchun 155 millimetrli artilleriya snaryadlari bilan ham xuddi shunday holat yuzaga kelishi mumkin.
Izoh (0)