AQSH ma’muriyati rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning g‘oyib bo‘lgani haqidagi xabarlardan chuqur xavotirda, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi.
“U zudlik bilan ozod etilishi kerak. Bundan tashqari, u qamoqqa tushmasligi kerak edi”, — deya ta’kidladi Kirbi jurnalistlar bilan suhbatda.
Avvalroq rossiyalik muxolifatchining tarafdorlari u bilan olti kundan beri bog‘lana olmayotganini, Vladimir viloyatidagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasi (IK-6) xodimlari esa Navalniy “endi u yerda ro‘yxatda yo‘qligini” ma’lum qilganini aytgandi. Uning hozir qayerda ekani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Siyosatchining tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda #GdeNavalnyy heshtegini yo‘lga qo‘ygan bir paytda, Yevroparlament a’zolari Rossiyani javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Xususan, Belgiya sobiq bosh vaziri, hozirda Yevropa Ittifoqi parlamentidagi liberal-demokratik fraksiya raisi Gi Verxofstadt Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelni zudlik bilan Rossiyadan tushuntirish so‘rashga chaqirdi”.
“Navalniy nafaqat siyosiy mahbus, balki Saxarov mukofoti laureati hamdir. Uni va uning ishini saqlab qolish bizning burchimiz!” — deb yozdi Yevroparlament deputati X ijtimoiy tarmog‘ida.
Jozep Borrel rossiyalik siyosatchining g‘oyib bo‘lganiga hozircha izoh bermadi.
Izoh (0)