Norvegiyaning Strinda yuk tashuvchi kemasi Qizil dengizda hujumga uchradi, deb xabar berdi kemaga egalik qiluvchi J. Ludwig Mowinckels Rederi kompaniyasi NTB telekanaliga.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, kemaga Yamandagi husiylar nazorat qiladigan hududdan qanotli raketa uchib kelgan. Kompaniya bosh direktori Byurge Rozenbergning aytishicha, yong‘inga qaramay, bortda hech kim jabrlanmagan va kema xavfsiz bandargohga yo‘l olgan.
Buyuk Britaniya dengiz savdo boshqarmasi hodisa Yamanning Moha portidan taxminan 15 milya (24 km) uzoqlikdagi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozida ro‘y bergani haqida xabarlar olganini ma’lum qildi.
Husiylar noyabr oyida Qizil dengizda Isroil bayrog‘ini ko‘targan yoki Isroil kompaniyalariga tegishli har qanday kemaga hujum qilish niyatini e’lon qilgandi. Yamanlik isyonchilar o‘z harakatlarini “G‘azo sektoridagi jirkanch Isroil—Amerika tajovuziga” javob deb atadi.
O‘shandan beri husiylar Qizil dengizda o‘tayotgan kemalarni muntazam ravishda raketa bilan o‘qqa tutib kelmoqda. 10-dekabr kuni Fransiya harbiy-dengiz kuchlarining ko‘p maqsadli fregati Languedoc Yamandan uchirilgan ikkita dronni qirg‘oqdan 110 kilometr uzoqlikda tutib oldi. 3-dekabr kuni husiylar mintaqada Amerikaning uchta savdo kemasiga to‘rt marta hujum uyushtirdi.
Izoh (0)