Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22-noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi hukumat soatida Toshkentda qurilayotgan yangi ko‘p qavatli uylarning elektr tarmoqlariga ta’siri haqida gapirdi.
Deputat Bobur Bekmurodov poytaxtda yangi bino va inshootlar qurilishi ko‘lami kengayishi eskirgan infratuzilmaga tushadigan yuklamani oshirib yuborishi mumkinligi bo‘yicha xavotirini bildirib, bu bo‘yicha vazirning munosabatini so‘radi.
Energetika vaziri hozirda yangi texnik shartlarni berishda vazirlik qat’iy turganini bildirdi.
“Avvallari uni yagona darcha orqali avtomatik ravishda hamma olgan bo‘lsa, hozirda bu narsa taqiqlandi. Bugungi kunda Toshkent shahridagi har qanday yirik iste’molchilar, ya’ni avvallari 5 megavattdan yuqori bo‘lsa, hozir hattoki 0,5 megavatt yoki 200 kilovatt ulanish bo‘lsa ham, Energetika vazirligi darajasida, energoinspeksiyani jalb qilgan holda, mutaxassislar hisob-kitobni qilganidan keyin texnik shartlar berilyapti”, — deb javob berdi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Uning qayd etishicha, ayrim holatlarda texnik shartlar bekor qilinib, investor yoki tadbirkor tarafidan yangi quradigan obyektiga o‘zi tarmoq tortib kelish yoki alohida transformator qo‘yish shartlari qo‘yilyapti.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, quvvatlar va ishlab chiqarishlarni inobatga olgan holda yangi texnik shartlarni ishlab chiqish, mavjudlarini qayta ko‘rib chiqish ishlariga e’tibor qaratilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda eng avvalo hududlarning rivojlanish darajasini inobatga olgan holda dastur tayyorlanyapti. Dasturda qayerga yangi podstansiya qurilishi yoki yangi tarmoq tortilishi kerakligi belgilanadi.
Izoh (0)