“Ummon” guruhi xonandasi Jasur Rafiqov bundan roppa-rosa bir yil avval bu yorug‘ olamni tark etgandi. Uning o‘limi shou-biznes olami vakillari va “Ummon” guruhining muxlislarini chuqur qayg‘uga soldi. 31 yoshli Jasurning hali orzulari va ijodiy rejalari ko‘p edi. Quyida Jasurning onasi Noila Rafiqovaning “Daryo”ga bergan intervyusi asosida xonandani xotirlaymiz.
“Bolaligidan sanʼatkor bo‘lishi sezilardi”
— Farzandim 1991-yil 30-sentyabrda tavallud topgandi. Bolaligi hamma bolalar singari beg‘ubor o‘tgan. Mahallamizdagi 160-bog‘chaga Shohruh va Zohid bilan birga borgan. Bolalikdan ahil va inoq bo‘lib voyaga yetishdi. Kichkinaligidan sanʼatning odami ekanligi sezilardi. Bir kuni Shohruh bog‘chadagi bayram videosining diskini olib chiqdi. Bayramda Jasur xo‘roz rolini ijro etgan ekan. O‘sha yoshida ham rolni masʼuliyat bilan ijro etgan ekan. Oilamizda sanʼatkorlar bo‘lmasa-da, u qo‘shiq aytishga qiziqardi. Supurgini gitara qilib qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rardi.
Bog‘chada tarbiyachi bo‘lganim uchun o‘qituvchilik masʼuliyatini yaxshi tushunardim. Maktabda o‘qiyotganida gazetadan ustozlar haqidagi sheʼrni olib, Jasurdan ustoziga yod olib berishini so‘rardim. Sheʼrlarni juda chiroyli yod olardi. Shuning uchun ham maktab tadbirlarida faol ishtirok etardi. “Ona, salla yasab bering Alisher Navoiy bo‘laman, to‘n topib bering Bobur bo‘laman”, — derdi. Baʼzan jahlim chiqib “Sinfda sendan boshqa bola yo‘qmi?” deb koyib berardim. Ammo u sahnani yaxshi ko‘rgani uchun qiyinchilikka qaramay baribir rolini ijro etardi, — deydi Noila Rafiqova.
“Senlarni to‘yda kim eshitardi, derdim”
“Ummon” guruhi 2007-yili “Sokin tun” qo‘shig‘i bilan mashhurlikka erishgan. Noila Rafiqova guruhning tashkil etilgan kunlarini quyidagicha xotirlaydi.
— Qo‘shiqlarning barini Zohidning uyida yaratishardi. Bular shunchaki havaskor bo‘lib qo‘shiq aytib yurishardi. Bir kuni keldida: “Ona duo qiling, biz to‘yga ketyapmiz”, dedi. “Senlarni to‘yda kim eshitardi”, deb rosa kuldim. U paytlari Jasur ko‘proq qo‘shiqning rep joylarini ijro etardi. Bu yo‘nalish bizga yangilik bo‘lgani uchunmi ularning qo‘shiq aytishini hech jiddiy qabul qilmasdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay “Bekobodda konsert beramiz”, deb qolishdi. Yana hayron bo‘ldim. Keyin bilsam qo‘shiqlari telefonlar orqali tarqalib, yoshlar orasida tanilgan ekan.
O‘g‘limning sanʼatkor bo‘lishiga qarshi bo‘lmaganman, ammo ishonchsizlik bildirib, ustidan kulgan paytim ko‘p bo‘lgan. Chunki ular aytayotgan yo‘nalishdagi qo‘shiq biz tengi insonlar uchun yangilik edi. Biz Yulduz Usmonova, Farruh Zokirov va Nasiba Abdullayeva kabi sanʼatkorlarni eshitib o‘rganib qolgandikda, — deydi Noila Rafiqova.
“O‘g‘lim ‘Ummonʼchi bo‘ldi, deb biznesni yig‘ishtirganman”
Noila Rafiqova marhum farzandi savdo-sotiq bilan shug‘ullanishini istamagani va bir muddat Paynet shoxobchasida ishlagani haqida so‘zlab berdi.
— “Ummon” guruhining birinchi prodyuserining telefonlarga pul to‘lash shoxobchasi bor edi. Jasurni ishga olgandi. Uyimiz Yunusobodda, ishxonasi esa O‘rikzor bozori atrofida edi. Har kuni erta sahardan ishga ketardi. Unga achinib “Shu ishingni qo‘y yoki shunga o‘xshash shoxobchani yaqin atrofdan ochgin”, desam “Ona birovning nonini yarimta qilmayman”, deb javob bergandi. O‘shanda qiynalsak ham halol yedirib-ichirgan ekanmiz, deb rosa quvongandim.
Hamma qatori oilamizda kam-ko‘stlar bo‘lgan. Dadasi zavodda, men esa oddiy bog‘chada ishlardim. Beshta bolani oyoqqa qo‘yish oson emas. Bog‘chada ishlab yurganimda kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanib, bozorga borolmaydigan ayollarning hojatini chiqarib yurardim. Savdoni kengaytirish uchun Turkiyaga qatnayman desam birinchilardan bo‘lib Jasur qarshilik qilgandi.
“Bo‘ldi bu yog‘iga biznesni ham yig‘ishtirasiz”, deganidan keyin o‘g‘lim “Ummon”chi bo‘ldi deb savdo-sotiqqa ham nuqta qo‘ygandim, — deydi Noila Rafiqova.
“Unga shifokorlar qo‘shiq aytishni taqiqlashgandi”
Noila Rafiqova 2012-yili shifokorlar o‘g‘liga bir yil qo‘shiq aytmaslikni tavsiya qilishgandi, ammo Jasur Rafiqov bunga rozi bo‘lmagani haqida aytib o‘tdi.
— 2012-yili “Ummon” guruhi tanilib, ketma-ket konsert dasturlari berib yurgan paytda o‘g‘lim “Ona negadir qo‘shiq aytsam tomog‘im qirilyapti”, dedi. Ertasiga uni tanish lor shifokorga olib borsam, uni endokrinologga olib borishni tavsiya qildi. Tashxis natijalariga ko‘ra, operatsiya qilish va bir yilga qadar qo‘shiq aytmaslik lozimligini aytishdi. Ammo o‘sha vaqtda “Ummon” guruhi endi ko‘tarilib kelayotgani uchun operatsiya qildirishni istamadi.
Kamol Boboyev degan yaqin do‘sti tibbiyot oliygohida o‘qigani uchun uni juda ko‘p shifokor va tabiblarga ko‘rsatdi. “Ona so‘rilib ketibdi. Xavotir olmang”, degandi. Ammo endokrinolog tanishim har ko‘rganida “Tekshirtirdingizmi, yaxshi emasda?”, — derdi.
Ahvoli yomonlashganida shu haqida o‘ylab ham qoldim. Kim bilsin, balki bo‘qoq ham sabab bo‘lgandir. Unga asabiylashish, siqilish mumkin emas ekan. Ammo hayotidagi ketma-ket zarbalar dardining uyg‘onishiga ham sabab bo‘ldimi, deb o‘ylab qolaman, — deydi Noila Rafiqova.
“Shaxsiy hayotda omadi kulmadi”
Jasur Rafiqovni ko‘pchilik oilali deb bilardi. Ammo onasi u to‘ydan keyin bir yil o‘tib ajrashgani haqida so‘zlab berdi.
— 2015-yili o‘g‘lim besh yil davomida gaplashib yurgan qizi bilan oila qurdi. Afsuski, ularning turmushi ko‘pga cho‘zilmadi. Bir yildan so‘ng kelin ketib qolgach, Jasur stressga tushib qoldi. Yana eʼtiborini ijodga qaratib yurgandi, baʼzi odamlar yigitlar orasiga sovuqchilik tushirishdi. Yoki hamma oilali bo‘lganidan keyin moddiy jihatdan kelishmovchiliklar bo‘ldi. Zohid guruhni tark etganidan so‘ng Jasur yana tushkunlikka tushib qoldi. Bular bolalikdan birga o‘sib, bir-biriga suyanib qolgandi. Zohiddan keyin ham qo‘shiq aytishdi. Ammo baribir uchlikdagi ijod boshqacha edi. Keyin ibodatga tushganidan keyin sanʼatdan ko‘ngli sovidi.
“Ona bir kun o‘lsam narigi dunyoga qo‘shiqlarim bilan bormaymanku”, degan gapi haligacha quloqlarim ostida jaranglaydi. Kichik bizneslarni yo‘lga qo‘yib tirikchilik qilib yurdi, — deydi Noila Rafiqova.
“10 yil o‘qigan shifokor o‘simtani farqlay olmasa?”
Marhum ijodkorning onasi o‘g‘lidagi kasallikning zo‘rayishiga tajribasiz shifokor ham sababchi bo‘lganligi haqida gapirdi.
— 2020-yili peshonasida shish paydo bo‘ldi. Shifokorga olib boray desam “Yo‘g‘-ey, onasi bilan kelibdi deyishmaydimi?” deb kulib qo‘ydi. Eratasi kuni ishga ketsam o‘zi Yunusoboddagi 12-oilaviy poliklinikaga chiqib, shishni oldirib kelibdi. Ishdan qaytsam, boshi qon, bint bilan bog‘lab olibdi. “Oyi bu “jirovik” emas ekan, tekshiruvga olib ketishdi”, dedi. Ishonasizmi shu gapni eshitib ado bo‘ldim. Nahotki, 10 yil o‘qigan jarroh oddiy “jirovik” bilan o‘simtani farqlay olmasa, deb jahlim chiqdi. Borib urishib kelaman, desam o‘g‘lim yo‘limni to‘sdi, — deydi Noila Rafiqova.
“Tomog‘ida shish ham paydo bo‘ldi”
Noila Rafiqova baʼzi shifokorlar sabab sarson bo‘lgani va kasalligi zo‘rayib ketgani haqida gapirdi.
— Shahar onkologiyasiga tekshirtirgani bordik. Baʼzi shifokorlar kasbiga shu qadar noloyiqki, asti qo‘yaverasiz.
“Foydasi yo‘q, yara ochilgan davolagandan foyda yo‘q” deb ko‘ngildagi zarracha umidni ham so‘ndirishadi. Ularning tavsiyasiga ko‘ra, tahlillarini tekshirtirish uchun Hindistonga yubordik. Katta xarajat, uning ustiga javoblarni 15 kun kutish kerak ekan. Bu kunlarni qanday o‘tkazganimni tasvirlab berolmayman.
Kundan-kunga o‘g‘limning ahvoli yomonlashib borardi. Bir kuni ukam Respublika onkologiyasida tanish shifokori borligini aytdi. U yerdagilar tahlillarni Hindistonga jo‘natish shart emasligini, barchasi ularda borligini aytishganida, kasbiga noloyiq insonlardan yana bir marta ranjidim. Odamni sarson qilib, puli va vaqtini ketkazmay o‘zimizda bor ekanligini aytishsa bo‘ladiku.
Xullas, shifokor ko‘rib, tomog‘ida ham shish paydo bo‘lganligini aniqladi. Shundan keyin tomog‘idan ham operatsiya bo‘ldi, — deydi Noila Rafiqova.
“Bu Allohning sinovi”
— Shahar onkologiya kasalxonasiga tekshirtirgani borsak, tahlillarni Hindistonga jo‘natish kerakligini aytishdi. U yerdan tahlil natijalari 15 kunda kelar ekan. Javoblar kelguniga qadar boshidagi kesilgan jarohat yanada shishib boraverdi. Keyin ukam onkolog tanishiga olib bordi. U shifokor urologiya sohasida faoliyat yuritar ekan. “Seni boshingga qarashmasin, tomog‘ingni tekshirishsin”, dedi. Shu kungacha uning tomog‘iga eʼtibor bermagan ekanman.
Bo‘qog‘i shishib ketgan ekan. Shahar onkologiyasidagi baʼzi shifokorlar “Bunga endi hech narsa yordam bermaydi”, deyishdi. Ularni shifokorga emas, qassobga o‘xshatgandim. Ukam tanish topib Jasurni Respublika onkologiya kasalxonasiga olib o‘tdi.
“Shuncha vaqtni o‘tkazibsizlar, ertaroq shu yerga olib kelmaysizlarmi?” deyishdi. U yerda hamma narsa bepul ekan. Shifokorlar to‘rt marta kimyo terapiya olishi kerakligini aytishdi. O‘zimizda barcha tahlillarni tekshiradigan apparatlar bor ekan. Ammo shahar onkologiyasi bizni sarson qilib, tahlillarni Hindistonga yuborish kerakligini aytishdi. O‘n besh kunda hayolimdan nimalar o‘tganini tasvirlab berolmayman. Oyog‘im tagidagi yer uzilgandek bo‘ldi. O‘g‘lim hamisha tasalli berib: “Ona siz siqilmang, bu Allohning menga bergan sinovi. Meni suygani uchun bu dardni berdi”, derdi. Bu kasallik suyaklarda avj olarkan.
Tekshiruv natijasida yelka va umurtqalarida ham borligini aniqlashdi. Boshidagi shish ochilgani uchun u avj olib ketdi. To‘rtinchi kimyo-terapiyani olganidan keyin ahvoli ancha yaxshilandi. O‘lim soatiga qadar Allohning nomi tilidan tushmadi. Aql-hushi joyida, xushsurat bo‘lib olamdan o‘tdi, — deydi Noila Rafiqova.
“Sardor Rahimxon xorijga jo‘natmoqchi bo‘ldi”
Noila Rafiqova og‘ir kunda uni qo‘llab-quvvatlagan do‘stlariga minnatdorlik bildirib o‘tdi.
— O‘g‘lim qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa ham qiyomatli do‘stlar orttirgan ekan. Uni qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar ko‘p edi.
Shohruh yoki Fattoh kechga yaqin “Nima ovqat yeging kelyapti”, deb “sms” yozishardi. Aytgan ovqatini olib kelib, soatlab yonida o‘tirishardi. Dilfuza Ismoilovaning o‘g‘li Sardor Isroilov ham vaqt topdi deguncha yoniga kelardi. “Aka tezroq sog‘ayib ketsangiz, sizga yoqqan mashinamni sovg‘a qilaman”, derdi.
Zohid avariyaga uchragandan keyin Shohruh Instagram orqali “Ikki do‘stimni ham duo qilinglar”, deganidan keyin Jasurning kasalligi ko‘pchilikka oshkor bo‘ldi. Ertasiga “O‘zbekkonsert”dan ham kelib xabar olishdi. Ular zarli bejirim qutiga solingan “Yorliq” olib kelishibdi. O‘g‘lim mana shu bir parcha qog‘ozdan ham ko‘ngli ko‘tarilib quvonib ketdi.
Bir kuni holsiz bo‘lib o‘tirganida uyimizga Sardor Rahimxon keldi. Shohruh Jasurning kasal ekanligi haqida aytgan ekan. Sardor Rahimxon kayfiyatini ko‘tarib, uzoq vaqt suhbatlashib o‘tirdi. O‘shanda Hindistonga olib borishi haqida aytgandi.
Bir necha kundan keyin yordamchilaridan biri kelib, safar uchun hujjatlarni tayyorlashini aytdi. Jasur rosa xursand bo‘ldi. Safar xarajatlarini so‘rasam kulib “Pulingiz bormi?” deb so‘radi. “Ha 2000 AQSH dollarim bor, yana kerak bo‘lsa qarz olaman”, desam “Jasur akamning xarajatlaridan xavotir olmang, ularga taxminan 25000 AQSH dollari ketadi”, dedi.
Shohruh do‘stini yetaklab, xorijga chiqish pasportini olish uchun olib bordi. Jasur holsizligidan arang yurardi. Pasportlar tayyor bo‘lganida negadir Jasur fikridan qaytdi. “Ona nima bo‘lsa bo‘ldi, ketmayman”, dedi. O‘shandayoq ko‘ngli nimanidir sezdimi “bormayman” deb oyoq tirab turib oldi, — deydi Noila Rafiqova.
“Zohid haqida eshitib ahvoli og‘irlashdi”
Jasur Rafiqov bolalikdagi do‘sti Zohid Risqiyevning dahshatli avtofalokatga uchragani haqidagi xabarni eshitib, salomatligi yanada yomonlashdi. Bu haqida onasi Noila Rafiqova quyidagilarni so‘zlab berdi.
— Avtofalokat sodir bo‘lgan tun qarindoshimizning to‘yida edim. Ertalab kelsam Jasur qovog‘ini uyib olgan, ko‘rinishi ham bir ahvolda. O‘sha kuni Jasurning tug‘ilgan kuni edi. Peshonasidan o‘pib, tabriklasam ham chehrasi ochilmadi. “Yoningda bo‘lmaganim uchun xafa bo‘ldingmi?” dedim. U boshini chayqab “Eshitmadingizmi? Zohidni...” dedi.
Keyin bilsam 29-sentyabr kuni Zohid avariyaga uchragan ekan. O‘g‘lim o‘zi bir ahvolda bo‘lsa ham do‘stidan xavotir olardi. Zohid oilada yolg‘iz o‘g‘il va boquvchi bo‘lgani uchun “Ona yaxshi bo‘lib ketsin. Bo‘lmasam Lola opa (Zohidning onasi)ga qiyin bo‘ladi”, derdi.
Mana shu voqeadan keyin yana salomatligi yomonlashdi. O‘ylab qarasam baʼzi insonlar baqirib dardlarini tashqariga chiqarar ekan. Jasur indamay ichiga yutib yuraverar ekan. O‘shanda vaqtida odam baqirib turishi ham kerak ekan, deb xayolimdan o‘tkazgandim, — deydi Noila Rafiqova.
“Qarigan chog‘ingizda suyanchiq bo‘lolmadim”
— O‘g‘lim o‘limidan avval “Qarigan chog‘ingizda suyanchiq bo‘ladigan farzand bo‘lolmadim. Sizlarga xizmat qilmoqchi edim. Aksincha sizlar menga xizmat qilyapsizlar”, deb ko‘p aytardi.
Chunki dadasi ikkimiz ham kun-u tun yonida hamroh edik. “Onajon, sog‘ayib ketsam jamoatga chiqib namoz o‘qisam”, deb niyat qilardi. “Nasib qilsa, niyatlaringga yetasan, Allohdan so‘raganlarim bor”, deb tasalli berardim.
Bir kuni do‘sti Shohruhga ham bu haqida gapirgan ekan. “Mendan keyin onamga qiyin bo‘ladi”, degan gaplarini aytib berganida o‘zimni yig‘idan tutib turolmadim.
O‘limidan 10 kun avval “Onajon tug‘ilgan kuningizga nima qilamiz?” deb so‘rab qoldi. “O‘g‘lim sovg‘ang emas, sog‘lining kerak”, deb kulgandim. O‘tgan yili tug‘ilgan kunimni nishonlamaymiz, deganimda ham uyga xarajat qilib, yaqinlarni mehmonga chaqirgandi. Jasur ko‘chada emas, uyda mehmon kutishni yaxshi ko‘rardi.
Hatto, “Ummon” guruhi tanilgan vaqtda ham biror marta tug‘ilgan kunini ko‘chada o‘tkazganini eslolmayman. Jasur o‘ksib qolmasin deb katta akasi uning nomidan ham gul olib kelibdi. Jasur gulni berib mahkam bag‘riga bosdi. Qarangki, o‘sha gul haligacha turibdi, ammo o‘g‘lim yo‘q, — deydi Noila Rafiqova.
“O‘g‘limning so‘nggi kuni...”
Ona farzandini saqlab qolish uchun ikki yil davomida internetdagi onkologiyaga oid maqola va kitoblarni o‘qib chiqqani haqida so‘zlab berdi.
— O‘g‘lim tushkunlika tushib qolmadi. Boshida shish bo‘lsa-da, shapkasini bostirib, to‘y va choyxonalarga borardi. Tashqaridan ko‘rgan inson uni kasal deb o‘ylamasdi. Besh mahal namoz o‘qishni kanda qilmasdi, aka-ukalarini ham namoz o‘qishga daʼvat qilardi. Ammo shu yilning fevral-mart oyida umurtqasida kasallik zo‘rayib ketgani uchun butunlay to‘shakka mixlanib qoldi.
Tanish-bilishlardan qayerda yaxshi shifokor yoki tabib haqida eshitsam, albatta, unga olib borardim. Bir tabibga ixlos bilan qatnab yurdi. “O‘g‘lim sen mendan davo topmayapsan, natija ko‘rayotganim yo‘q. Sening kasaling ilm-u amal bilan bog‘liqqa o‘xshayapti”, degandi. Bu gapni Zohid ham ko‘p aytardi. “Bizga ko‘z tekkan, sehr qilishgan”, deb gapirganida Jasur kulib qo‘yardi.
Mahalliy kimyoterapiya topdim. O‘shani olgach, ahvoli ijobiy tomonga o‘zgardi. Ammo oxirgi muolajani olgandan keyin negadir o‘zini holsiz sezayotgani haqida aytib qoldi. “Sekundomer ishga tushgan, ona” degan gapni ko‘p aytardi.
14-noyabr kuni kechasi og‘ir nafas olayotganini eshitib, yoniga bordim. “Suv ichasanmi Jasur” desam indamasdi. Ikki qo‘lini ko‘kragigi qo‘yib yotardi. O‘sha lahzada “Sekundomer ishga tushgan, ona” degan gapining maʼnosini tushundim.
O‘g‘lim iymon bilan bu yorug‘ olamdan o‘tganidan xursand bo‘laman.
Baʼzi erkaklar xotini ketib qolgach, aysh-ishratga beriladi. Yoki o‘lim soati yaqinlashayotganini sezib, tushkunlikka tushib qoladi. Ammo o‘g‘lim ibodatda bu dunyoni tark etdi.
O‘g‘limning marakalari o‘tgach, Davron Kabulov 3 kun bel bog‘lab turgani va ketish oldidan “Jasur konsert berganimizda 10 kun yonimizda turgandi, uning menda haqqi bor”, deb 500 AQSH dollari tashlab ketgani haqida aytishdi.
Do‘stlari bu pulga masjidga gilam olib, ehson qilishibdi. Juda quvondim, ilohim savobi o‘g‘limga yetib borsin, — deydi Noila Rafiqova.
Izoh (0)