Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ruxsat etilmagan ommaviy xatti-harakatlarning oldini olish uchun huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘q uzishi, ogohlantiruvchi o‘qlarga e’tibor qilmaganlarni otib o‘ldirishi kerakligini aytdi.
“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Qodirov bu haqda respublika hukumatida Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gapirgan:
“Ruxsat etilmagan tartibsizliklarga boradigan bitta odam bo‘lsa ham ushlab, qamang. Yoki havoga uchta ogohlantiruvchi o‘q uzing va shundan so‘ng, agar u odam qonunga rioya qilmasa, to‘rtinchi o‘qni peshonasiga joylang. Qaytib chiqmaydi. Bu mening buyrug‘im”.
“RIA Novosti” Qodirov aynan qanday “ruxsatsiz tartibsizliklar” haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq Checheniston rahbari avvalroq respublikada Maxachqal’a aeroportidagi isyonga o‘xshash “provokatsiyani to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini” aytgani haqida eslatdi.
29-oktyabr oqshomida Dog‘istonda Tel-Avivdan “isroillik qochqinlar” o‘tirgan samolyot kelishi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgach, yuzlab odamlar Maxachqal’a aeroportiga to‘planishdi. To‘polonchilar politsiya xodimlariga hujum qildi va yo‘lovchilarni ushlab, so‘roqqa tutdi. Ichki ishlar vazirligi 150 ga yaqin tartibsizlik ishtirokchisi aniqlangani, ulardan 83 nafari qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
Izoh (0)