O‘zbekistonlik bokschi Fazliddin G‘oyibnazarovning prof boksdagi navbatdagi raqibi sobiq jahon chempioni bo‘ladi.
Fazliddin 5-noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomida rossiyalik sobiq jahon chempioni Rajab Butayevga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu haqida O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Butayev 2021-2022 yillar oralig‘ida WBA yo‘nalishi chempioni bo‘lgan. Ayni paytda u WBA reytingida 4-o‘rinni egallab turibdi.
Ma’lumot uchun, Rajab Butayev o‘zbekistonlik bokschilar Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimovning jamoadoshi hisoblanadi. Hisobida 14 g‘alaba (11 nokaut) va bitta mag‘lubiyat bor.
32 yoshli Fazliddin G‘oyibnazarov prof boksda 11 g‘alaba (6 nokaut) va bitta mag‘lubiyat qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, 5-noyabr kungi boks oqshomida Hasanboy Do‘stmatov ham o‘z jangini o‘tkazadi.
Izoh (0)