Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida archa ko‘chatlarining qurib qolishiga sababchi bo‘lgan mahalla raisi jarimaga tortildi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tuman “Bumozor” qishlog‘idagi mahalliy avtomobil yo‘li chetiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida besh yoshli oltita archa ko‘chatlari ekilib, ular “Bumozor” MFY raisi va hudud profilaktika inspektori tomonidan boshqa joyga ko‘chirilgani, biroq ko‘chatlar sug‘orish va parvarishlash ishlari olib borilmagani sabab qurib qolgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabarga ko‘ra Farg‘ona viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan joyida o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida 2023-yil bahor mavsumida Buvayda tumani hokimligi “Bumozor” MFY hududiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan archa ko‘chatlari Buvayda tuman inspektorlari tomonidan “Elektron platformaga” ro‘yxatga olingani aniqlangan.
2023-yil 18-aprel kuni Buvayda tumani “Bumozor” MFY raisi F.O‘.ga majburiy ko‘rsatma va 2023-yil 8-iyul kuni 56123-son bilan qayta ko‘rsatma berilganiga qaramasdan, tabiiy muhitni tiklash va tabiiy muhitga zararli taʼsir ko‘rsatish oqibatlarini bartaraf qilish uchun chora ko‘rmagani natijasida ekilgan ko‘chatlar qurib qolgani ma’lum bo‘lgan.
Holatga ko‘ra fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 95-moddasida (Tabiiy muhitni tiklash, tabiiy zaxiralarni qayta hosil qilish va tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatish oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rmaganlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilib, 330 ming so‘m miqdorida maʼmuriy jarima tayinlangan.
Izoh (0)