Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida fermer 101,2 million so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan viloyatimizdagi iste’molchilarni elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishlarini oldini olish maqsadida hududlarda muntazam reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Yozyovon tuman elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida tumanning “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Sh.Y.ga qarashli fermer xo‘jaligidagi suv nasosidan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgan holda foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Natijada iste’molchi tomonidan korxonaga 101,2 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgan. Mazkur qoidabuzarlik yuzasidan mutaxassislar tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, elektr energiyasi yetkazib berilishi to‘xtatildi. Hududlarda reyd tadbirlari davom etmoqda.
Izoh (0)