Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskining aytishicha, ushbu davlat hozir Ukrainaga qurol bermayapti, chunki u o‘z armiyasini qurollantirish bilan band. Bu haqda vazir Polsat telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
“Ukraina o‘zini Rossiyaning shafqatsiz hujumidan himoya qilmoqda va men bu vaziyatni tushunaman, lekin aytganimdek, biz o‘z mamlakatimizni himoya qilyapmiz. Hozir Ukrainaga qurol uzatmayapmiz, chunki Polshani qurollantiryapmiz”, — dedi Moravetski.
Kiyev va Varshava o‘rtasida Ukraina donini eksport qilish borasidagi kelishmovchiliklar fonida yangragan Moravetskining bayonoti ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi. Shu bilan birga, bosh vazir qurol-yarog‘ uzatish aynan hozir to‘xtadi, deb aytmagan.
Moravetski, shuningdek, AQSH va NATOning boshqa davlatlaridan Ukrainaga qurol-yarog‘lar olib o‘tiladigan Zeshov shahridagi markaz hamisha o‘z vazifasini bajarishini ta’kidladi.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Polsha Kiyevga uch milliard yevrodan ortiq harbiy yordam ko‘rsatgan. Bu ta’minotlar orasida o‘q-dorilar, zirhli va og‘ir texnikalar, sovet qiruvchi samolyotlari bor.
Izoh (0)