Qirg‘izistonda deputat Adaxan Madumarov davlatga xiyonatda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, gap 2009-yilda Xo‘jandda imzolangan protokol haqida ketmoqda. Adaxon Madumarov Xavfsizlik kengashi kotibi sifatida Tojikiston tomoni bilan ikki mamlakat davlat organlari rahbarlarining Xavfsizlik kengashlari kotiblari boshchiligidagi ishchi uchrashuvi bayonnomasini imzolagan.
Hujjatga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni Tojikistondan maydoni 5 gektar, uzunligi 275 metr bo‘lgan yer uchastkasini 49 yilga ijaraga olgan. Protokol Xo‘janddagi muzokaralardan so‘ng qabul qilingan.
Gumonlanuvchi tergov izolyatorida saqlanadi, hozirda unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Boshqa tavsilotlar ochiqlanmagan.
Iyun oyida mamlakat parlamenti Bosh prokuratura so‘rovidan so‘ng Madumarovni jinoiy javobgarlikka tortishga rozi bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Adaxan Madumarov fevral oyida O‘zbekiston rahbarining prezidentlik faoliyatini maqtab, Sadir Japarovning faoliyatini tanqid qilgandi. U Qirg‘iziston prezidenti o‘z tashriflarida, asosan, yuridik kuchga ega bo‘lmagan memorandumlarni imzolashini aytgan.
Izoh (0)