Tarix bo‘yicha falsafa doktori Feruza Izzat YouTube’dagi “Qurultoy” loyihasidagi suhbatda 1959—1983-yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi bo‘lgan Sharof Rashidov shaxsiyati va siyosiy faoliyati haqida gapirib berdi. Suhbatda aytilishicha, olima Sharof Rashidovning shaxsiyati va siyosiy tarixi bo‘yicha ilmiy ish olib borgan. Quyida Feruza Izzat tahlil qilgan mavzuni eʼtiboringizga havola etamiz.
“Sharof Rashidov haqida ikki xil qarash bor”
Sharof Rashidovning hayoti xuddi Sovet ittifoqining tug‘ilishi, oyoqqa turishi va asta–sekin cho‘kishiga o‘xshaydi. Chunki ular bir yilda, yaʼni 1917-yil 6-noyabrda tug‘ilishgan. 7-noyabrdagi inqilob Sovet Ittifoqi tuzilishiga birinchi qadam bo‘lgan deyishimiz mumkin.
Rashidovning bolalik yillari Sovet Ittifoqining ilk yillariga to‘g‘ri keladi. Ayni kuchga to‘lgan va hokimiyatga kelgan yillari Sovet Ittifoqining ham eng cho‘qqiga chiqqan yillari bo‘ladi. Sovet Ittifoqi butun yer yuzida o‘zining o‘rniga ega bo‘la boshlagan, siyosiy maydonda katta kuchga ega bo‘lgan davr. Va umrini so‘ngi yillaridan keyin bilamiz, O‘zbekistonda ham “paxta ishi”, undan keyin Sovet ittifoqining so‘nggi yillari... Nazarimda, Sharof Rashidovning o‘limi bilan Sovet ittifoqi ham asta-sekin parchalana boshlagan. Yo‘q bo‘lishga qarab ketgan. Shu tarafdan bu qiziq bir shaxsiyat.
Sovet O‘zbekistonida 24 yil 1-kotibi bo‘lib, yaʼni O‘zbekistonning eng birinchi maqomida qola olgan siyosatchi. Bu shaxsiyat haqida ikki xil qarash bor. Hozirga kelib, “u inson milliy qahramon, O‘zbekistonning mustaqilligi uchun o‘sha davrda tamal toshi qo‘ygan”, deganlar ham mavjud. “Yo‘q, bu Moskvaning odami, Moskvani xizmatchisi”, deydiganlar ham bor. Yaʼni har doim ham ikki xil qarashga sohib bo‘lgan hukmdorlar qiziq bo‘lgan. Shuning uchun ham ilmiy ishimni Rashidov shaxsiyati, siyosiy tarixi bo‘yicha olib bordim.
Sharof Rashidov aslida pedagog. Jizzax pedagogik texnikumida tahsil olgan. Keyin ko‘p yillar gazetada ishlagan. Ijod bilan shug‘ullangan. Ko‘plab romanlari, pyesalari va sheʼriy to‘plamlari bor. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining rahbari bo‘lib ishlagan va u yerdan siyosatga kirib kelgan. Yana bir qiziq tomoni, O‘zbekiston Oliy prezidiumiga raislik qilgan.
O‘sha davrda O‘zbekistondagi eng katta maqom (lavozim) — O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi sekretari bo‘lgan. Undan keyin Vazirlar kengashi raisi turgan. Uchinchi o‘rinda prezidium raisi bo‘lgan.
“Orzusi pensiyaga chiqib, ko‘proq yozuvchilik qilish bo‘lgan”
Sharof Rashidov ijodkorlar oilasidan. Taniqli shoir Hamid Olimjon uning xolavachchasi edi. Sharof Rashidov xotiralarida yozilishicha, u birinchi sekretar etib saylangan kuni uyiga kelib bolalarini uyg‘otadi. Bolalariga: “Endi buyog‘iga yaxshi o‘qishinglar va o‘rnak bo‘lishinglar kerak. Chunki uyda tartib bo‘lmagan joyda tashqarida ham bo‘lmaydi. Hammaning ko‘zi sizlarda”, deya nasihat qilgan. O‘shanda ayollari: “Juda ham og‘ir vazifani bo‘yningizga olibsiz”, deganida “Qo‘yishmadi, 4-5 yil shu maqomda bo‘laman va yozuvchiligimga qaytaman”, deya javob bergan.
Sharof Rashidovda doim yozuvchilikka qaytish istagi bo‘lgan. Buni ukalari bergan intervyularda ham ko‘rganmiz. Orzusi pensiyaga chiqib, yana ham ko‘proq yozuvchilik bilan shug‘ullanish edi.
“Toshkentni Rashidovning shoh asari deyishgan”
Sharof Rashidovning siyosiy karyerasiga qarasangiz, unga ayrim voqealar kuchli taʼsir qilgan. Birinchi navbatda, zilzila (1966-yilda Toshkentda vayronkor zilzila yuz bergan-tahr) albatta. Zilziladan keyin Rashidov Leonid Brejnevdan (1964—1982-yillarda SSSR rahbari) qo‘lidan kelgancha ko‘proq mablag‘ olgan va bunyodkorlik ishlariga boshchilik qilgan. Hozirgi Toshkentni ham yaqin-yaqingacha Rashidovning shoh asari deb aytilardi. Toshkent qaytadan sovet uslubida qurilgan bir shahar. Unda haqiqiy sovet ruhiyatini ko‘rsa bo‘ladi.
Rashidov davrida metro, teleminora, “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyi, Tarix muzeyi qurilgan. Uning davrida yangi viloyatlar, shaharlar, yangi konlar paydo bo‘lgan.
Hozirda qizlari, o‘g‘illari hayot. Ko‘rgan-bilgan odamlar ularning juda kamtar ekanini aytishadi. Masalan, Sharof Rashidovning qizlari Moskvaga borib o‘qib kelishgan. Hattoki oddiy talabalar yashaydigan yotoqxonada yashashgan. Bir ikki nafar Moskvada o‘qigan aspirantlar bilan gaplashdim. Ular ham eslashdi: “Bir qizini ko‘rganmiz, el qatori darsga kelib o‘tirgan. Tanaffusda biroz suhbatlashganmiz. Juda ham kamtar bo‘lgan”, deyishdi. Baʼzilar Rashidovning qizi o‘sha yerda o‘qiyotganini ham bilmagan.
“Paxta ishi”ning ildizlari haqida
Biz tushunishimiz kerakki, Rashidov kuchli siyosatchi, lekin davlatni 100 foiz o‘zi boshqaradigan siyosatchi emas. Uning uchun eng qiyin masala ham Moskvani, ham qo‘l ostidagilarni rozi qilish bo‘lgan.
“Paxta ishi”ning ildizlarini Brejnev va Rashidov orasidagi munosabatlarga taqasak bo‘ladi.
1974-yilda O‘zbekiston 5 million tonna paxta topshirib, “plan”ni ortig‘i bilan bajaradi. Aslida rejada 1,5 million tonna belgilangandi. Lekin ob-havo juda yaxshi kelib, hosil ortig‘i bilan topshirilgan. Keyin Brejnev o‘zi kelgan va mukofot bergan.
1976-yilda Toshkentda kompartiya syezdi bo‘lgan va o‘sha yerda Rashidov: “Bundan buyog‘iga har yili 5 million tonna paxta beramiz, 1983-yilga chiqib, 5,5 million tonnaga chiqaramiz”, degan paytda Brejnev ham majlisda bo‘lgan va Rashidovga “Undan ham ko‘paytirishning iloji yo‘qmi? 6 million tonna qila olmaysizlarmi?”, deb so‘ragan.
Shu bilan Rashidov, “harakat qilamiz”, degan. Endi yo‘q, deb bo‘lmaydi-ku. Rashidov Brejnev bilan yaqin aloqada bo‘lgan. U juda yaxshi siyosatchi edi. Qayerda qanday gapirish, qanday harakat qilish kerakligini juda yaxshi bilgan. Ammo o‘sha paytda hammaning oldida “yo‘q, bo‘lmaydi, qila olmaymiz”, deya olmagan. Fojia o‘shandan boshlangan.
Chunki o‘zi umuman paxtani biz uchun katta falokat deb bilaman. O‘zbekiston nisbatan shimoliy mintaqa va paxtachilikka ixtisoslashgan mintaqa emas aslida. Suv ham ko‘p emas. Mana Orol fojiasi ham aynan paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilmaganimiz uchun kelib chiqdi.
Paxta hosili ob-havoga juda ham bog‘liq. Fikrimcha, O‘zbekistonni paxta respublikasiga aylantirilgani juda katta xato bo‘lgan. Chunki bu ko‘plab fojialarga olib kelgan. Haligacha Orol fojiasining ekologik taʼsirini ko‘rib turibmiz.
Rashidov o‘sha paytda qattiq turib, yo‘q, qila olmaymiz deganda balki, bunaqa bo‘lmasdi, deb o‘ylayman. Rashidov paxtani qo‘shib yozishlarni bilmaganmi, degan savol paydo bo‘ladi. Bunchalik katta miqdordagi qo‘shib yozishlarni bilmaslikning iloji yo‘q. Hattoki Brejnev ham bilgan. Sovuq urush davrlari hamma SSSRga ko‘z tikib turgan payt har bir hujjatlar juda yaxshi kuzatib turilgan.
Paxtadan, biz bilamiz, sanoat, kiyim-kechak uchun foydalaniladi. Ammo faqat shuning o‘zi emas. U davrda paxtadan porox ham ishlab chiqarilgan. Paxta poroxi SSSRning qurolli kuchlarida asosiy xomashyo hisoblangan. Balki, g‘arbning ko‘ziga paxtani ko‘p yetishtirdi, deb ko‘rinishga urinish bo‘lgandir. Yaʼni paxtani ko‘paytirsa, poroxni ham ko‘p ishlab chiqaryapti, deb o‘ylashadi, deyilgan. G‘arbning ko‘ziga kuchli davlat bo‘lib ko‘rinish uchun Brejnev ham qo‘shib yozishlarga ko‘z yumgan deb o‘ylayman.
“Rashidov avliyo emas”
SSSR davrida Rashidov ham ancha kuchga, hurmatga ega inson bo‘lgan. Brejnevga yo‘q desa, bo‘lmasdi. Balki, qila olamiz deb haqiqatan ishongandir. Chunki u paytda paxtachilik institutlari, hosilni yanada oshirish uchun olimlar ishlagan. Yaʼni Rashidov avliyo emas, uni milliy qahramon, deya olmaymiz. Juda murakkab shaxs. Bolalarni ishlatish, paxta dalalarida odamlarning ustidan dorilashning hammasi Rashidov davrida bo‘lgan.
Moskvaning qattiq tizimiga qattiq turish oson bo‘lmagan. Moskvadagi rejalashtirish byurosining raisi Boybakov degan odam bo‘lgan. U yozgan xotiralarga qarasangiz, “Brejnev davrida butun Sovet ittifoqida iqtisodni yaxshi tushungan ikki nafar mutaxassis bo‘lsa, biri Kasigen (o‘sha davrdagi Vazirlar mahkamasi raisi), ikkinchi Rashidov”, degan. O‘zi ijodkor inson bo‘lishiga qaramasdan, iqtisodni yaxshi bilgan, tushungan deyishadi. Shunday odam qo‘shib yozishlarni bilmagan deyish noto‘g‘ri.
O‘zi “paxta ishi” deymiz. Bilmagan odam o‘ylaydiki, ha shu bitta keys bo‘lgan “paxta ishi” deb atalgan, shu bilan ko‘pchilik “ketib” qolgan. Yo‘q, aslida mayda-mayda, ko‘p sonli paxta bilan bog‘liq jinoyatlarni Rashidovdan keyin (1983-yilda vafot etgan) matbuotga “paxta ishi” degan umumiy nom ostida chiqqan. “Paxta ishi” aslida bitta ish emas, juda ko‘p ish. Uning ichida juda katta qonunbuzarliklar ham bo‘lgan.
Menga qiziq bo‘lgani, nega aynan O‘zbekiston? Butun ittifoq bo‘yicha haqiqatan O‘zbekiston shunchalik korrupsiya botqog‘iga botib ketganmi, degan savol qiziqtirdi. Aslida qaraydigan bo‘lsangiz, faqat O‘zbekiston emas, hali Rashidovdan, “paxta ishi”dan ham oldin, Brejnev davrida Ozarbayjonda, Gruziyada juda katta korrupsion sxemalar, mojarolar bo‘lgan.
Menimcha, O‘zbekistondagi paxta ishiga Brejnevning vafoti va Yuriy Andropovning (1982—1984-yillarda SSSR rahbari) kelishi sabab bo‘lgan. Andropov “KGB”dan chiqqan odam va uning ish uslubi tintish, tekshirish, jazolash bo‘lgan.
Aslida Rashidov davrida “paxta ishi” bo‘lmagan. U Rashidovning vafotidan keyin 1985—1986-yillarda cho‘qqiga chiqdi. Sxemalarni qaraydigan bo‘lsangiz, 5 yilning ichida kamida 5 million tonna paxta qo‘shib yozilgan. Yaʼni yo‘q paxta, ro‘yxatga bor deb yozilgan.
Sharof Rashidovning o‘limi
U davrda Moskvaning odamlari har xil yashagan. Bizning siyosatchilar o‘ta “lyuks” sharoitda yashamagan. Kamtarlik bo‘lgan. Rashidovning maoshi katta bo‘lgan va pulga ehtiyoji bo‘lmagan. U davrda barcha odamlar Moskva nazoratida edi va hech kim juda boy bo‘lib keta olmagan.
Sharof Rashidovning o‘limi dolzarb masala va bu haqda ko‘p fikrlar bor. Tarixchi bo‘lgach, qo‘lingizdagi manbalarga, faktlarga tayanasiz. Rashidovning tan soqchisi bo‘lgan. U umrining oxirgi yillarida bergan maʼlumotlarga qaraganda Rashidov infarkt bo‘lib vafot etgan. Bunga sabab sifatida Andropovning Rashidovga qanaqadir ultimatum qo‘ygani bo‘lishi mumkinligi keltirilgan. 1980-yillarda Xorazm “plan”ni birinchi bajarganda Rashidov xursand bo‘lib, Andropovga telefon qiladi, mana “plan”ni Xorazm bajardi desa, Andropov tabrik o‘rniga “biz buni hali tekshiramiz”, degan. Rashidov bundan siqilgan. Buni ko‘pchilik aytadi. O‘sha kuni kechqurun joni uzilgan deyiladi.
Qizlari va nabiralarining xotiralari chiqqan va ular turlicha versiyalarni berishgan. Masalan, o‘sha davrda Haydar Aliyev (Ozarbayjon rahbari-tahr.) O‘zbekistonga kelgan, u paytda Rashidov Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bo‘lgan. Aliyev kelyapti deb Toshkentga uchgan. O‘sha yerda suhbat bo‘lgan. Aliyev Rashidovga qarshi qanaqadir kompromatlar bo‘layotgani, Andropov uni ishdan olib tashlash rejasi borligi va ehtiyotingni qilgin, degan maʼnoda gapirgan va Rashidov o‘limiga o‘sha suhbat sabab bo‘lgan, deyishadi.
Tan soqchisiga ko‘ra, Aliyev bilan uchrashgandan keyin Rashidovni juda yaxshi kayfiyatda bo‘lgani, bir narsadan xavotirga kelmagani, hatto mashinada kayfiyati yaxshiligidan “mullo Saʼdullo, bir radio qo‘ying-chi”, deya yaxshi kayfiyatda ketganini aytadi.
Qiziq tarafi, Yodgor Nasriddinovaning (Rashidovning eng katta raqibalaridan biri bo‘lgan) xotiralarida Rashidov o‘zini otib o‘ldirgani keltiriladi. O‘zim infarkt tufayli vafot etgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
“Rashidov kommunistik rejim yetishtirgan siyosatchi”
Oxirgi xulosalarim shuki, Sharof Rashidov kommunist, davr yetishtirgan bir siyosatchi. Masalan, jadidlarga o‘xshagan emas. Jadidlar boshqa bir davrdan O‘zbekistonni tashkil etish jarayonida ishtirok etgan va keyin rejimga to‘g‘ri kelmay “tozalangan” odamlar. Lekin Rashidov rejim yetishtirgan inson. Va albatta, Moskvaga sodiq bir inson. “Yo‘q, u Moskvaga emas, o‘zbeklarga ko‘proq sodiq bo‘lgan”, deya olmaysiz. Borini boricha ko‘rish kerak. Lekin shunga qaramasdan vatanparvar ham. O‘z respublikasi uchun qo‘lidan kelganini qilgan, deb o‘ylayman. Sharof Rashidovning fojiasi balki, qattiq prinsipda turib, o‘sha davrda Brejnevga “yo‘q”, deya olmaganidadir deyishimiz mumkin.
Va albatta, davrni oqimi ham taʼsir qilgan. Deylik, Brejnevning o‘limi, Andropovning kelishi bo‘lmaganda hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Lekin tarixda bunaqa gipoteza to‘g‘ri emas aslida. Shu ishlar ham jarayonga taʼsir qilgan. Bu shaxsiyat haqida qalbimda iliq bir narsa qoldi. Lekin “100 foiz oppoq, hamma ayb Moskvada, Moskva qilgan hammasini”, deya olmayman. Biroz qattiq tura olishi ham mumkin edi.
Izoh (2)
феруза Иззат, ким. у хакида малумот беринг
Кайсидир инсон келгусида профессор, олим булиб етишиб Узбекистонга умуман илм фанга катта хиссасини кушган инсон, талабалик даврида узини рафикасига хат йулланган, уша хатида айтган экан мен учун энг кийин фан атеистлик фанидан имтихондан утдим, худога шукур деган эканлар. Менимча хали куп изланиш керак