So‘ngi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib borayotganligi, mavjud huquqiy mexanizmlar zo‘ravonliklarni oldini olish hamda jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samara bermayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil — Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova maʼlum qildi.
“Oxirgi 3 yilda 2 ming 72 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Shundan 1 ming 777 nafari yoki 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Shuningdek, 23 nafarining ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganligi, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lganligi, kuch ishlatganligi yoki ruhiy taʼsir ko‘rsatganligi aniqlangan”, — dedi Aliya Yunusova.
Qonunlar nima deydi?
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 77-moddasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan.
Oila kodeksining 75-moddasida ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emasligi belgilangan.
Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerak.
O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi deb belgilangan.
Maʼlumot uchun, Bolalar Ombudsmani va boshqa masʼul idoralar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Izoh (0)