Rim shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma biznes-forumda O‘zbekiston va Italiya ishbilarmonlari o‘rtasida bir qator bitim va savdo shartnomalari imzolandi.
Xabarga ko‘ra, 6-iyun kuni prezidentning Italiyaga rasmiy tashrifi arafasida Rim shahrida qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki davlatning yetakchi ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chirielli tadbirni ochar ekan, Italiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanib, sheriklik nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga va katta salohiyatga ega davlatdir. Biz O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishida ishtirok etishni istaymiz va ko‘p tomonlama munosabatlarimizni chuqurlashtirishga tayyormiz. Tadbirkorlar yuqori texnologiya, yuqori sifatli mahsulotlar taklif etib, katta qiziqish bildirib, hamkorlik qilishga tayyor. Va bu borada ikki tomonlama hamkorlikning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun ko‘mak beramiz”, — dedi Edmondo Chirielli.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklaridan biri bo‘lgan Italiya bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi. Biznes-forumda Italiya kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatda tadbirkorlik va xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari haqida so‘zlab berildi.
Uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, kimyo va avtomobilsozlik, elektronika va boshqa ko‘plab sohalar belgilandi.
Forum yakunlari bo‘yicha energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik va mashinasozlik sanoati, ekologiya, transport va logistika, shuningdek, bank sektorini qamrab olgan investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.