Toshkent shahrida O‘zbekiston–Xitoy xalqaro tibbiyot forumi o‘tkazilishiga doir kelishuvga erishildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Xitoyning mamlakatdagi elchixonasi masʼul vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasida tibbiyot sohasi bo‘yicha ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish, o‘zaro hamkorlikda yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Xitoy ko‘magida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, qo‘shma tibbiy taʼlim dasturlarini ro‘yobga chiqarish, grant loyihalarini jalb qilish kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlar istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Yakunda oktabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston—Xitoy xalqaro tibbiyot forumi o‘tkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi. Ushbu tadbirda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash, tibbiy taʼlim, farmatsevtika, IT, xalq tabobati kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va sohaga daxldor qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Izoh (0)