Bugun, 30-aprel — O‘zbekistonda referendum kuni. Respublikada tashkil etilgan jami 10 ming 758 ta uchastkada fuqarolar Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ovoz bermoqda. “Daryo” muxbiri Toshkent shahridagi bir necha uchastkalarda bo‘lib, jarayonni o‘rgandi.
Yakkasaroy tumanidagi 275-referendum uchastkasi raisi Bahodir Xallakavning aytishicha, “Bog‘saroy” mahallasida jami 1 855 nafar fuqaro ovoz berishi kutilmoqda.
“Toshkent shahrida referendum qizg‘in davom etmoqda. Bizning mahalladan ham fuqarolar jarayonda faol qatnashmoqda. Buni ikki soat ichida 200 nafardan ortiq kishi ovoz berganidan ham anglash mumkin”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga qariyb 27 ta yangi modda va 159 ta norma kiritilmoqda. Hujjatda davlat boshqaruvchi, parlament, insonlarning siyosiy, shaxsiy huquq va erkinliklari hamda boshqa bir qator masalalar avvalgisidan kengroq qamrab olinmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, respublikada referendumda jami 19 million 722 ming 809 nafar fuqaro ro‘yxatga ovoz berishi kutilmoqda. Soat 13:00 holatiga ko'ra qariyb 12 million fuqaro yoki umumiy ovoz beruvchilarning 62,24 foizi referendumda ovoz berdi.
Izoh (0)