Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida maktab direktori tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyati fosh etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, holat Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida aniqlangan. Qorako‘l tumanidagi umumtaʼlim maktablaridan birining rahbari, “Xo‘jakon” mahallasida yashovchi, 1965-yilda tug‘ilgan J.F. o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, boshqa fuqarolar B.M. ismli erkakni maktab qoruvuli, N.S. ismli ayolni farrosh vazifasiga ishga qabul qilgan.
Buning evaziga ushbu maktab xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirasi X.G. orqali ularning bir oylik maoshlari miqdoriga teng kimyoviy ishlov berilgan 900 000 so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)