AQSH harbiylari Suriyadagi ISHID terrorchilik tashkiloti yetakchilaridan biri Xolid aydd Ahmad al-Jaburiyni yo‘q qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hujum oqibatida tinch aholi halok bo‘lmagani yoki yaralanmagani ma’lum qilindi. Terrorchining o‘limi ISHIDning tashqi rejalashtirilgan hujumlarini kechiktirishga yordam berishi aytilmoqda.
“AQSH armiyasi markaziy qo‘mondonligi kuchlari 3-aprel kuni Suriyaga bir tomonlama zarba berib, ISHIDning yuqori martabali rahbari Xolid aydd Ahmad al-Jaburiyni yo‘q qildi”, — deyiladi xabarda.
Al-Jaburiy bir muddat kuzatuvda bo‘lgan va keyin nishonga olingan. Jumladan, u telefonda gaplashayotganda dron yordamida yo‘q qilingan.
Ikki mahalliy manbaga ko‘ra, u 2019-yilda Bag‘dodiy o‘ldirilgan joydan bir necha kilometr uzoqlikdagi Kaftin qishlog‘i chetidagi uyi yonida hujumga uchragan. Al-Jaburiy xotini va 12 yoshli o‘g‘li bilan birga yashagan. U ISHIDning taniqli rahbari edi, u Yevropaga hujumlarni rejalashtirish uchun mas’ul bo‘lgan.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.