Rossiyaning Voronej shahrida 40 yoshli mast erkak 19-qavatdan qulab omon qoldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 3-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:14 da sodir bo‘lgan. Erkakning hayotini uy oldida turgan avtomashina saqlab qolgan, voronejlik erkak uning ustiga qulab tushgan. Qutqaruvchilar erkakni mashinadan olib chiqqanida u o‘rnidan turib, o‘z oyog‘i bilan tez yordam mashinasiga borgan.
Shu bilan birga, jarohatlanuvchi kasalxonaga ketayotganda qo‘shiq kuylagan. Erkak bosh va umurtqa pog‘onasi jarohatlari bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. Uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Politsiya erkakni qutqargan mashina egasini aniqlagan. U Donetsk viloyatida tug‘ilgan 53 yoshli tadbirkor bo‘lib chiqqan. Ammo erkak jurnalistlar bilan gaplashishdan bosh tortgan. Hozirda tergov qo‘mitasi vaziyatni o‘rganmoqda.