Yerda qushlar yo‘q bo‘lib ketsa, ekologik falokat yuz beradi. Bu haqda Toshkent shahri Botanika bog‘ida “1-aprel Xalqaro qushlar kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda aytib o‘tildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Tadbirda tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekiston ochiq suv havzalarida qishlaydigan suv qushlarining sonini aniqlash va ularni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha loyiha amalga oshirilayotganini maʼlum qildi.
“2022-yilda loyiha doirasida tadqiqotlar olib borilib, Respublikamizning 49 ta ochiq suv havzalarida 111 turdagi qushlar mavjudligi aniqlangan. Shulardan 24 turi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan. Qushlarning umumiy soni 597 ming 272 boshni tashkil etadi. Mamlakatimiz ornitofaunasida jami 22 turkumga oid 478 ta tur vakillari uchrab turadi”, – deydi Aziz Abduhakimov.
Maʼlumotlarga ko‘ra, hozirda qushlarni muhofaza qilish masalasi dolzarb ekologik muammolardan biriga aylanib ulgurgan. Dunyoda 10 mingga yaqin qush turlaridan 1 ming 200 dan ortig‘i yoki qushlarning har sakkizinchi turi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining “Qizil ro‘yxati”ga kiritilgan.
Ornitologlarning ogohlantirishicha, agar yerda qushlar yo‘q bo‘lib ketsa, ekologik falokat yuz beradi. Yaʼni o‘simliklarni changlatish va hashoratlar ko‘payishining oldini olish borasida yangi muammolar yuzaga keladi. Bugun shaharsozlik jarayonining jadallashishi natijasida millionlab daraxtlar kesib tashlanmoqda. Oqibatda qushlar makon quradigan “maskan”lar soni kamayib, ularning yo‘qolib ketish xavfi ortmoqda.
Alohida taʼkidlanishicha, mamlakatda daraxt kesishga moratoriy joriy etilgan bo‘lsa-da, 2020-2022-yillar oralig‘ida 22 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesib tashlangan.