Ijtimoiy tarmoqlarda Asaka tumanida maktablarning ishchi xodimlari majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi axborot xizmati munosabat bildirdi.
Taʼkidlanishicha, ushbu holat yuzasidan Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Nuraliyev tomonidan o‘rganish olib borilgan. O‘rganish davomida 2023-yilning 29-mart kuni Asaka tumani maktabgacha taʼlim va maktab bo‘limi boshlig‘ining kotibi vazifasida ishlovchi Nodirbek Komilov tomonidan telegram orqali umumtaʼlim maktablarining direktorlariga topshiriq berilgan. Unda barcha maktablarning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va texnik xodimlarini 30-mart kuni soat 8:00 da Ulug‘bek mahallasida bo‘lib o‘tadigan obodonlashtirish ishlariga jalb etishni taʼminlash yuklatilgan.
N.Komilov bilan suhbat o‘tkazilganda haqiqatan topshiriq berilganligini, unda barcha texnik xodimlar jalb qilinishi aytilganligini bildirgan. Shuningdek, unga bu topshiriq bo‘lim mudirining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan buyurilganligini maʼlum qilgan.
O‘rganish davomida obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan 30 nafar xodim shu kuni “Navro‘z” dahasida “Tut” ko‘chati ekkanliklari, biroq ushbu ishlarga majburlanmaganliklarini aytishgan.
Mutasaddilar ishchi xodimlarni majburiy tartibda mehnatga majburlamagan bo‘lsa-da, ularni mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishga roziliklarini yozma ravishda olmagan holda — qonunga xilof ravishda jalb etganligi kuzatildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur qonun buzilish holati yuzasidan Maktabgacha taʼlim va maktab bo‘limi xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Qurbonovga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi (mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma tuzilib, unga BHMning 10 barobari, yaʼni uch million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.