O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Misr savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan videokonferensiya tarzida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Misr vazirlari ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilgan.
Suhbat chog‘ida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari, xususan, Port-Said shahrida to‘qimachilik, charm va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston korxonalarini joylashtirish uchun qo‘shma sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tashkil etish chora-tadbirlari ko‘rib chiqilgan. Misr tomoni loyihalarni o‘z vaqtida samarali amalga oshirishga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Suhbat yakunida tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va joriy yil yozida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida Toshkent shahrida uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalalari ham kelishib olingan.
Avvalroq O‘zbekiston Gruziya bilan alkogolli ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi mumkinligi, O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda klasterlar tomonidan ishlab chiqarish 32 baravarga oshgani to‘g‘risida xabar berilgandi.