Toshkent shahar Shayxontohur tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri qiyshiq qurilayotgani aytilgan video tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, tumanning Islom Karimov va Bunyodkor ko‘chalari kesishuvida joylashgan qurilish obyekti zamonaviy arxitektura namunasi sifatida o‘ziga xos dizayn asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, bu bino konstruktiv elementlarida kamchiliklar borligini anglatmaydi. Qurilish ishlari belgilangan talab va me‘yorlar asosida amalga oshirilmoqda.
Xususan,
- tasdiqlangan loyiha hujjatlarining KJ (temir-beton konstruksiyalar) bo‘limining yechimlariga asosan 23-qavatdan 26-qavatgacha K-4 va K-5 quyma temir-beton ustunlar egilgan holda loyihalashtirilgan hamda bu qurilish me‘yorlari va qoidalariga asosan bajarilgan;
- ishchi loyiha hujjatlari MB Studio MCHJ tomonidan ishlab chiqilganidan so‘ng, “Zilzilabardosh qurilishning ilmiy-tadqiqot va loyha markazi antiseysmik” MCHJ tomonidan ushbu hudud seysmikasiga yondoshgan holda tekshirilgan va 2021-yil 16-martda bu borada ham ijobiy xulosa olingan.
Avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Andijon viloyatidagi qurilish obyektlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida quruvchilar loyihalarda ko‘zda tutilgan talablarga rioya qilmayotgani aniqlangandi.