Andijonda fuqaro 43,5 ming AQSH dollarini noqonuniy tarzda Qirg‘izistonga olib chiqib ketishga urindi.
Viloyat bojxona boshqarmasining xabar qilishicha, “Do‘stlik” chegara bojxona postiga chiqish piyoda yo‘lagi orqali Qirg‘izistonga o‘tib ketish maqsadida kirib kelgan fuqaro A.X.ning harakatlari bojxonachilar eʼtiborini tortishi natijasida ushbu shaxs belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Natijada ushbu fuqaroning yonidan deklaratsiyalangan 8 700 AQSH dollaridan tashqari, deklaratsiyada yozib ko‘rsatilmagan va bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida maʼlum qilinmagan 43 500 AQSH dollari borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.