Respublika hududida 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar oylarida ob-havo harorati keskin sovub ketishi hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar joriy etilganligi sababli aholini Ai-80 rusumli avtobenziniga boʻlgan talabi taklifga nisbatan keskin oshishiga olib keldi. Bugungi kunda Ai-80 rusumli avtobenzinga boʻlgan talab kunlik 8 ming tonnaga yetmoqda.
Bunday holatda, baʼzi xususiy AYQSHlar tomonidan avtobenzinni noqonuniy realizatsiya qilish, shoxobchalarda narxlarni sunʼiy oshirish, sifatsiz benzin yonilgʻisini sotish kabi holatlar sodir etilmoqda. Xususan, birja savdolari orqali sotib olingan va belgilangan tartibda yetkazib berilgan Ai-80 rusumli avtobenzinni AYQSHlarda sotmaslik yoki Ai-92 koʻrinishida sotish holatlari uchramoqda.
Bu oʻz navbatida, “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi UNG Petro MCHJ avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalariga yuklamani oshishiga olib kelmoqda.
Yoqilgʻi quyish shoxobchalarida mavjud kolonkalar (odatda 2-4 ta) yoqilgʻi quyish boʻyicha maksimal quvvatlarda ishlatilayotgani va ushbu quvvatlar mavjud oqimni bir vaqtda taʼminlash imkonini taʼminlamayotganligi natijasida shoxobchalarda Ai-80 markali benzin mahsulotini realizatsiya qilinishida sezilarli navbatlar yuzaga kelmoqda.
Yuqorida koʻrsatilgan holatlarni oldini olish maqsadida, hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“Oʻzneftgazinspeksiya”) tomonidan huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda ishchi shtab tashkil etilgan va nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Respublika isteʼmolchilarini uzluksiz va bir maromda avtobenzin bilan taʼminlash, narxlarni keskin oʻsishining oldini olish, bozorda talab va taklif muvozanatini taʼminlash hamda ichki bozorda tanqislikni vujudga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ishlab chiqarish hajmlari oshirilib, kunlik oʻrtacha 4,6 ming tonna Ai-80 rusumli avtobenzin ishlab chiqarilmoqda. Shundan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 3,1 ming tonna va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi 1,5 ming tonna.
Joriy yilning yanvar oyida birja savdolariga jami 136,5 ming tonna (oʻrtacha birja kunida 6 203 tonna) Ai-80 rusumidagi avtobenzin sotish uchun joylashtirilib, AYQSHlar tomonidan xarid qilindi. Bu koʻrsatkichni oʻtgan yilning mos davriga solishtirganda 44,6 ming tonnaga koʻpdir.
Jumladan, Ai-80 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga joylashtiriladigan hajmi oshirilmoqda. Masalan, 31-yanvar kuni birja savdolariga 5 550 tonna AI-80 avtobenzin sotish uchun joylashtirildi.
Jamiyat tomonidan yaratilgan zaxira, shuningdek ishlab chiqarilgan avtobenzin hisobidan 163,6 ming tonna (oʻrtacha kunlik 5 276 tonna) va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 74,7 ming tonnaga koʻp avtobenzin yetkazib berilishi taʼminlandi.
Birgina 31-yanvar kuni “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi neft bazalari orqali isteʼmolchilarga jami 6 303 tonna AI-80 avtobenzin, jumladan Toshkent shahri va viloyatiga 1 466 tonna yoqilgʻi tarqatildi. Biroq, bugungi kundagi vujudga kelayotgan talabni ishlab chiqarish quvvatlari orqali toʻliq taʼminlash imkoniyati chegaralangan.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi ehtiyojlarini sifatli va arzon narxlarda avtobenzin bilan taʼminlash maqsadida, aksiyadorlik jamiyati tasarrufdagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulot bilan bir qatorda, tayyor mahsulot import qilinmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar oyida Rossiyadan 50 ming tonna AI-80 K5 rusumidagi avtobenzinni import qilish boʻyicha shartnoma tuzilib, jami 44,2 ming tonna avtobenzin yuklangan boʻlib, hozirda respublika hududiga yetkazib kelish va ichki bozorga sotish choralari koʻrilmoqda.
Bugungi kunda, UNG Petro MCHJ tomonidan Ai-80 boʻlayotgan talab ortib borayotganligi, respublika iqtisodiyoti va aholisini neft mahsulotlari bilan taʼminlashni inobatga olib, taqchillik, uzilishlar va AYOQSHlardagi navbatlarni oldini olish maqsadida, “Gazprom” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan AI-80-K5 rusumli avtobenzin xarid qilinib, AYQSHlar orqali respublikamiz isteʼmolchilari uchun realizatsiya qilinmoqda.
Bundan tashqari joriy yilning yanvar oyida UNG Petro MCHJ tomonidan import hisobiga qoʻshimcha 8,4 ming tonna yuqori oktanli avtobenzin yetkazib berilgan, jumladan Ai-92 5,6 ming tonna, Ai-95 2,5 ming tonna va Ai-98 300 tonna.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshirigʻiga asosan avtobenzinni uzluksiz va barqaror yetkazib berilishi yuzasidan Energetika vazirligi tomonidan kunlik va soatlik nazorat oʻrnatilgan.
Avtobenzin tanqisligiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha barcha choralar koʻrilgan, jumladan 2023-yil 1-fevral holatiga Jamiyat tasarrufidagi neft bazalar va neftni qayta ishlash zavodlarida 42,1 ming tonna avtobenzin qoldiqlari mavjud.
“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati