Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni Konstitutsiyada mustahkamlash.
Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida nima sababdan erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash ustuvor masalalardan biri etib belgilandi?
Bir qaraganda, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy siyosatini, islohotlar natijasini kuzatib borayotgan inson uchun buni tushunish aytarlik mushkul emas. Bosh maqsad – mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiy faoliyatga erkinlik berish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabilar. Bu esa, o‘z navbatida iqtisodiy munosabatlarni shakllantirishda davlatning emas, bozorning roli muhim, degan tamoyilning talabidir. Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish oqibatida oddiy aholi zarar ko‘rmaydimi, degan savolning paydo bo‘lishi tabiiy albatta. Ko‘ndalang javob beraman, aslo yo‘q, aksincha foyda ko‘radi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonning iqtisodiyotni erkinlashtirish borasidagi islohotlari butun dunyo matbuoti e’tiborida, ya’ni, jahonning eng yirik kompaniyalarining diqqat e’tiborida turibdi. Zero, O‘zbekistonda erkin bozor mexanizmlari qanchalik mukammal joriy etilsa, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlansa, milliy bozorimizga kirib kelayotgan xorijiy investorlar oqimi shunchalik ko‘payadi.
Ammo eng muhim masala erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash orqali mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdir. Tadbirkor qancha qo‘llab-quvvatlansa, iqtisodiyot rivojlanadi. Bu esa, o‘z navbatida quyidagi natijalarni beradi:
birinchidan, bozorlarimizda mahsulotlar to‘kinligini va arzonchligi ta’minlanadi; ikkinchidan, aholiga sifatli milliy tovarlar yetkazib beriladi; uchinchidan, oziq-ovqat xavfsizligiga erishiladi; to‘rtinchidan, aholi bandligi ta’minlanadi; beshinchidan, kambag‘allik darajasi kamayadi, aholining farovonligi oshadi; oltinchidan,eng muhimi milliy iqtisodiyot yuksaladi.
Eng muhimi, eksportchi korxonalarga ko‘rsatilayotgan tashkiliy va moliyaviy yordam berish tizimini takomillashtirish masalasi bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Shuning uchun mamlakatimizda eksport bilan shug‘ullanadiganlarga har tomonlama sharoit yaratishga harakat qilinmoqda. Bu holat so‘nggi 5-6 yilda sezilarli darajada o‘zgardi. Natijada eksport qiluvchi korxonalarning eksportdagi tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilish mexanizmi joriy etildi. Eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlar natijasida, eksport nomenklaturasi 74 ta yangi turdagi mahsulot va geografiyasi 42 ta mamlakatga kengayib, eksport hajmi 2016-yildagi 12.1 milliard dollardan 2021-yilga kelib 16.6 milliard dollarga yetdi. Joriy yilda esa eksport xajmi 19 milliard AQSH dollariga yetdi. Respublikamiz tomonidan inson huquqlari, atrof-muhit muhofazasi, mehnat munosabatlari, boshqaruv standartlari bo‘yicha 27 ta xalqaro konvensiya talablarini bajargani to‘g‘risidagi Yevrokomissiya xulosasiga ko‘ra, joriy yil aprel oyida Yevroparlament bizga Yevropa ittifoqi davlatlariga bojsiz eksportni amalga oshirish huquqini beruvchi GSP+ imtiyozini taqdim qilgan edi. Shunday qilib, yurtimiz mazkur imkoniyatni qo‘lga kiritgan dunyodagi to‘qqiz davlatdan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy mulkchilikni davlat tomonidan kafolatlash, tadbirkorlik erkinligini huquqiy jihatdan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida amaliyotda talab va taklif, raqobat hamda narx kabi bozor mexanizmlari ishlay boshladi. Agar tahlillarga e’tibor beradigan bo‘lsak, so‘nggi 5 yilda ichki bozor uchun zarur bo‘lgan 3,5 ming turdagi tovarlar uchun import bojxona boji, 1,1 ming turdagi tovarlar uchun aksiz solig‘i bekor qilindi, shuningdek, 3 mingdan ziyod turdagi tovarlar uchun import bojxona bojlari keskin kamaytirildi.
Soliq turlari 13 tadan 9 taga, soliq tekshiruvlari turlari esa, 13 tadan 3 taga qisqartirildi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi – 20 foizdan 15 foizga, ijtimoiy soliq stavkasi – 25 foizdan 12 foizga tushirildi. Sog‘lom raqobatni ta’minlash uchun valyuta bozori liberallashtirildi, shu jumladan eksportdan kelib tushgan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotish talabi bekor qilindi, fuqarolar uchun milliy va xorijiy valyutani erkin konvertatsiya qilish imkoniyati yaratildi. Tadbirkorlik sohasida talab etiladigan 114 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi hamda 33 turdagi litsenziya va ruxsatnoma o‘rniga xabardor etish tartibi joriy qilindi.Ta’kidlash zarurki, aholisi farovonligini ta’minlashning eng birlamchi omili mamlakat hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati va undan samarali foydalanish bilan uzviy bog‘liq.
Hududlarda barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlariga erishmasdan turib, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish haqida fikr bildirishning o‘zi mantiqiy nuqtai nazardan samarasiz hisoblanadi. Shuning uchun hududlarning moliyaviy-investitsion salohiyatini oshirishga zamin yaratilsa bu holat hududlardagi sanoat korxonalari uchun biznes muhitini yaratishga turtki beradi hamda barcha hududlar teng rivojlanishiga xizmat qiladi.
Shunday esa-da, ba’zi hollarda davlat sektorining bozor munosabatlariga aralashuvi ko‘p holatlarda nafaqat iqtisodiy samarasizlik va erkinliklarning to‘silishiga, balki korrupsiyaga ham sabab bo‘lmoqda.
Shu bois ham, davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur masalalarning Konstitutsiya orqali mustahkamlanishi kelajakda milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga erkinlik berish bilan birga sohadagi barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etadi.
Spikerlar:
- Iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Nodirbek Rasulov;
- Iqtisodiyot fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Dmitriy Trostyanskiy.
Izoh (0)