Oxirgi haftada O‘zbekistonda apelsinning o‘rtacha ulgurji narxi 33 foizga arzonlashdi. Bu haqda EastFruit xabar bermoqda.
Bu 2022-yilning yanvar oyi boshidan joriy sanasigacha bo‘lgan davrda ushbu mahsulot narxining eng katta haftalik o‘zgarishi bo‘ldi. Shu bilan birga, joriy ulgurji narxlar o‘tgan yilgi darajadan 22 foizga past.
EastFruit narxlari monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil 9—16-dekabr kunlari O‘zbekistonda apelsinning o‘rtacha ulgurji narxi bir hafta ichida 21 ming so‘mdan 14 ming so‘mga ya’ni 33 foizga pasaygan.
2022-yilning katta qismida O‘zbekistonda apelsinning o‘rtacha ulgurji narxlari o‘tgan yilgi darajadan ancha past bo‘lgan.
O‘tgan haftada narxlarning bunday keskin pasayishi natijasida ushbu mahsulotning ulgurji narxlari yana o‘tgan yilgi darajadan sezilarli darajada past bo‘lib chiqdi.
Bundan tashqari, joriy ulgurji narxlar o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida qayd etilgan darajadan 7 foizga past.
Taqqoslash uchun, 2021-yil 16-dekabr holatiga ko‘ra, apelsinning o‘rtacha ulgurji narxi 18 ming so‘m, 2021-yil dekabr oyi oxirida 15 ming so‘mni tashkil qilgan.
“Albatta, ushbu mahsulot narxining tushishi O‘zbekiston iste’molchilari uchun Yangi yil bayramlari arafasida yaxshi “sovg‘a” bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq yil boshidan beri O‘zbekistonda banan narxi 16,9 foizga oshgani ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)