Yevropa kengashining tashqi aloqalar bo‘yicha hamraisi Karl Bildt Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xerson ortidan Kremlni ham yo‘qotishini aytdi. U o'zining Twitter’dagi sahifasida bu bo‘yicha ma’lumot berdi.
Karl Bildtning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya rahbarining Ukrainaga qarshi urushdagi uchinchi yirik mag‘lubiyati hisoblanadi. U so‘nggi paytlarda rus qo‘shinlarining noto‘g‘ri hisob-kitoblari Putin rejimining pozitsiyasiga ta’sir qilishi mumkinligini ilgari surdi.
“Hozir Xersonda Vladimir Putinning va’dalariga ko‘ra, hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak bo‘lgan vaziyat yuz berdi. Bu uning ushbu urushdagi uchinchi yirik mag‘lubiyati: Kiyev, Xarkov va hozirda Xerson. Oxir-oqibat u Kremlni ham yo‘qotadi”, — deb yozadi Bildt.
Bloomberg nashri ham Rossiya prezidentining Ukraina bo‘yicha imkoniyatlari tugayotganini e’lon qilgandi. Nashr Putinning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq muammolarga ikki voqea urg‘u berganiga to‘xtalib o‘tgandi. Ulardan biri rus harbiylarining Xersondan chiqishi, ikkinchisi esa Putinning G20 sammitiga qatnashmasligi bo‘lgan.
Rossiya prezidenti mazkur sammitning ayrim uchrashuvida onlayn qatnashishi prognoz qilingandi. Biroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ma’lumotni rad etdi va Putinning sammitda qatnashmasligi sababini tushuntirdi.