Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov mamlakat Ukraina bilan hech qanday shartlarsiz muloqotga ochiq ekanini ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”. Diplomat Kiyevga “tegishli poytaxtlardan turtki berilsa”, muzokaralarni qayta boshlash imkoniyati oshishini ta’kidladi.
“Biz bunga avval ham tayyor edik. Kiyev o‘zining G‘arb kuratorlari buyrug‘i tufayli muloqotni to‘xtatdi. Aslida muloqot borasida oldinga siljish bo‘lgandi. Ma’lum bir hujjat ishlab chiqilayotgan edi. Endi hammasi o‘tmishda. Bu yog‘iga nima bo‘lishi bizga bog‘liq emas”, — degan vazir o‘rinbosari.
Avvalroq Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Kiyevning muzokaralar uchun shartlarini yana bir bor e’lon qilgan edi. Prezident Vladimir Zelenskiy, o‘z navbatida, Ukraina Rossiya bilan muloqotga tayyorligini, ammo bu “boshqacha Rossiya bilan” bo‘lishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva Ukrainaning muzokaralar bo‘yicha pozitsiyasida o‘zgarishlar ko‘rinmayotganini aytdi.
Sentabr oyi oxirida Zelenskiy muloqotdan butunlay voz kechdi va bu Rossiyada prezident almashgan taqdirdagina muzokaralar bo‘lishini ta’kidladi. Politico nashrining yozishicha, keyinchalik AQSH ta’siri Kiyevning pozitsiyasi ostida o‘zgargan.