Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Germaniya kansleri Olaf Shols uning iltimosiga ko‘ra zudlik bilan G7 (katta yettilik) guruhi mamlakatlari yig‘ilishini chaqirmoqchi.
“G7 ga raislik qilayotgan Germaniya kansleri Olaf Shols bilan guruhning shoshilinch yig‘ilishi bo‘yicha kelishib oldik”, — deb yozdi Ukraina rahbari Twitter’da. U Germaniya hukumati rahbari bilan telefon orqali suhbatlashgan.
Zelenskiyning aytishicha, uchrashuvda uning nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. “Biz Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish va (Ukrainadagi) zararlangan infratuzilmalarni tiklashga yordam masalasini ham muhokama qildik”, — deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 10-oktabr kuni ertalab Kiyevda va Dneprda bir necha marta portlashlar sodir bo‘ldi. Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharga zarbalar berilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev markazidagi Shevchenko tumani hujumga uchragan.
Shevchenko tumanida raketa zarbasi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, yana 24 nafar tinch aholi vakili yaralandi.
Kiyevda metro harakati to‘xtatilgan, metropolitenning barcha bekatlari fuqarolar uchun boshpana sifatida foydalanilmoqda.
Shuningdek, Dneprda ham portlash ovozlari eshitilgan. Shaharda va viloyatda havo trevogasi e’lon qilingan.
Bundan tashqari, OAVlar Ukrainaning Xmelnitskiy, Jitomir, Lvov, Kremenchug, Krivoy Rog, Ternopol shaharlaridagi portlashlar haqida ham xabar bermoqda.