Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlar ixtiyoriy harbiy xizmat haqida shartnomalar tuzishga majburlanmoqda. Bu haqda huquq himoyachisi Valentina Chupik Kloop nashriga ma’lum qildi.
“Birinchi usul — yolg‘on yo‘li bilan, — dedi u. — Odamlar tibbiy ko‘rikdan, daktiloskopiyadan o‘tib, Moskvaning ‘Saxarovo’ migratsiya markazida patent rasmiylashtirayotganida, ularga bir dasta qog‘oz berilib, ‘Mana shu va mana shu joylarga tezgina imzo qo‘y’ deyishadi. Bu qog‘ozlar orasiga ixtiyoriy harbiy xizmat haqidagi shartnoma ham tiqishtirib qo‘yiladi”.
Shuningdek, Valentina Chupikning aytishicha, huquq himoyachilari yana shunday holatlar haqida xabar topganki, muhojirlarga hujjatlar rasmiylashtirish chog‘ida pasport muqovasining orqa qismiga V harfi tushirilgan stiker yopishtirib qo‘yishgan — bu odam ixtiyoriy xizmat haqida shartnoma tuzganini bildiradi.
Boshqa hollarda, Chupikning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlar deportatsiya bilan qo‘rqitilib, qandaydir hujjatlarni imzolashga majburlanmoqda, yoki do‘pposlanmoqda, shuningdek, jinoiy ta’qib bilan tahdid qilinmoqda.
“27-sentabr kuni qo‘limga bir ish kelib tushdi. Qirg‘iz bola, oddiy kuryer, velosipedda ko‘chada ketayotganida, politsiyachilar tomonidan to‘xtatilgan. Hujjat so‘rashgan, bola ko‘rsatgan, ular: ‘Bizning avtobusga yur’, — degan. U avtobusga yaqin kelgan, eshik ochilib, kimdir chiqqan, uni qo‘ltig‘idan tutib, ichkariga sudrab kirgan. Uni dubinkalar bilan do‘pposlashgan, tepishgan, juda qattiq urishgan — miyasi chayqalgan, qovurg‘alari singan, ko‘p joyidan shikastlangan. Unga shartnoma imzolab, Ukrainaga ketishi kerakligini aytishgan. U bosh tortgan”, — dedi Chupik.
Oxir-oqibat, u elektroshoker bilan qo‘rqitilgan holda, shartnomani imzolagan. Uni avtobusdan tushirib yuborishgan. Yigitning tanishlari Valentina Chupikni topib, unga xabar berishgan. “Biz pul to‘pladik va uni Rossiyadan evakuatsiya qildik. 1-oktabrga o‘tar kechasi u Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tdi”, — dedi huquq himoyachisi.
Eslatib o‘tamiz, 20-sentabr kuni Rossiya Davlat dumasi yangi qonun qabul qildi, unga muvofiq, armiyada bor-yo‘g‘i bir yil xizmat qilganlar ushbu mamlakat fuqaroligini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi.
Shundan keyin O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, ularni chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanish javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirgandi. Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi fuqarolarni harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, Rossiyadagi harbiy xizmatga chet el fuqarolari, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlari majburiy chaqirilishi haqidagi mish-mishlar rad etildi. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, internetda tarqalgan bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.