Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

O‘zbekistonda sentabr oyining boshlaridan butun mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich paxta terimi boshlandi. 2022-yilgi mavsum uchun O‘zbekiston viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 21 379 ta terim otryadlari shakllantirilib, ularga 1 959 702 nafar terimchilar biriktirilgan. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar qildi.

Foto: “Daryo” / Musulmonbek Ibrohimov

Foto: “Daryo” / Musulmonbek Ibrohimov

Qayd etilishicha, bu 1 ta otryadda o‘rtacha 90—100 nafar terimchi to‘g‘ri kelganini anglatadi. Otryadlardagi terimchilarning 605 136 nafari paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari ishchilari bo‘lsa, 1 269 676 nafari mahalliy aholi va mavsumiy ishchilar, 64 972 nafari esa boshqa hududlardan jalb qilingan terimchilar hisoblanadi.

Bundan tashqari, terim otryadlariga 11,4 ming dona terimchilarni tashish vositalari (avtoulovlar), 17,7 ming dona transport traktorlari, 30,7 ming dona tirkamalar biriktirildi hamda talab etiladigan inventarlar (etak, tarozi, qozon-o‘choq, samovar, suv saqlash baklari, tirkamalar uchun yopinchiqlar) zahirasi to‘liq yaratildi.

Ma’lumot uchun: paxta yig‘im-terimini g‘o‘zaning pishish holatidan kelib chiqib, ya’ni paxtani kamida 70–75 foiz ochiltirib terish tavsiya etiladi. Joylardan olingan takliflarga asosan hududlarda paxta yig‘im-terimiga ommaviy kirishish 10-sentabrdan boshlandi va 10-oktabrgacha birinchi terim to‘liq yakunlanib, ikkinchi terimga o‘tiladi.

Paxta terimchilari qanday shakllantiriladi?

Terim otryadi paxta hosilini yig‘ib-terib olish maqsadida ko‘ngilli terimchilar tomonidan tashkil etilgan birlashgan jamoa hisoblanadi. Terimchilar esa paxta hosilini qo‘l terimi asosida yig‘ib-terishda bevosita ixtiyoriy asosda qatnashuvchi shaxslar, xususan:
  • fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, ya’ni paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarning xodimlari;
  • ko‘ngilli, 18 yoshdan katta, muayyan mehnat bilan band bo‘lmagan ishga layoqatli vaqtincha ishsiz, ayrim hollarda mehnat resurslari yetmagan hududga boshqa hududlardan kelib haq evaziga terimda ishtirok etish istagini bildirgan jismoniy shaxslardir.
Paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarda terimchilarga ehtiyoj bo‘lsa, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga yoki xususiy bandlik agentliklariga elektron va yozma tarzda ariza taqdim etadi.

So‘ng paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar, mehnat organlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan e’lon qilingan ommaviy oferta asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mehnat organlari bilan birgalikda paxta terimi markazlarida terimchilar ro‘yxatini shakllantiradi.

Shuningdek, paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar ish beruvchilari ixtiyoriy ravishda paxta terimi markazlarida ro‘yxati shakllantirilgan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan aniqlangan yoki ularning ro‘yxatida mavjud bo‘lmagan boshqa fuqarolar bilan mustaqil ravishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi yoki fuqaroviy-huquqiy shartnoma tuziladi.

O‘z navbatida, terimchilarning mehnat sharoitlari, ularga mehnat haqini o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi, mehnat huquqi va muhofazasining ta’minlanishi ustidan davlat nazorati mehnat organlari, kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshiriladi, shuningdek, jamoatchilik nazorati ham nazarda tutilgan.

Terimchilar tomonidan kunlik terilgan paxta xomashyosining hajmi bo‘yicha hisob-kitob yuritish paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar tomonidan amalga oshiriladi.

Paxta maydonlarida qanday sharoitlar yaratiladi?

Bir nafar terimchiga mavsumda o‘rtacha 1,5 tonna paxta terish hisob-kitob qilinib, paxta yig‘im-terimiga jalb etiladi. Terim otryadlari rahbarlariga esa paxta yig‘im-terimi yakuniga qadar oylik maosh sifatida mehnat haqi berib boriladi. Paxta yig‘im-terimida ishtirok etadigan terimchilarning tergan paxtasi uchun terim pullari har besh kunda (dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishidan qat’iy nazar), zarurat bo‘lganda to‘lab beriladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan yig‘im-terimiga jalb etilgan fuqarolarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va ko‘chma savdo, madaniyat va maishiy xizmatlar hamda ko‘chma tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi.

Ma’naviyat va targ‘ibot markazi va “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining joylardagi bo‘linmalari tomonidan terimchilar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Andijonda sodir etilgan mudhish qotillik yuzasidan mahalla mas’ullari va hudud noziriga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan — Bosh prokuratura
Mahalliy
O‘zbekiston internetda mualliflik huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro bitimni tasdiqladi
Mahalliy
Ozarbayjon aviakompaniyasi Bokudan Samarqandga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi