Rossiyadagi Starbucks o‘rnini egallagan yangi Stars Coffee qahvaxonalar tarmog‘i xorijda o‘z shoxobchalarini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Qo‘shiqchi Timur Yunusov (Timati) va restoran biznesi bilan shug‘ullanuvchi Anton Pinskiy Rossiyadagi Starbucks’ning yangi egalariga aylangan edi. Keyinchalik qahvaxonalar tarmog‘i Stars Coffee bo‘lib o‘zgardi.
Biz chet elda faol rivojlanishni rejalashtiryapmiz, chunki talab katta. Hozir bizning ro‘yxatimizda birdaniga 20-25 ta joy bor, — dedi Timati Stars Coffee ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
Rejada O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Eron, Iroq, Kuvayt va Ummon kabi davlatlar borligi ma’lum qilindi.
Mart oyida Starbucks o‘z mahsulotlarini Rossiyaga yetkazib berishni to‘xtatdi va qahvaxonalarni yopdi. 23-may kuni esa Rossiya bozorini tark etishga qaror qilganini e’lon qildi.
Kompaniya Rossiyada 15 yil faoliyat yuritgan. Hozirda mamlakat bo‘ylab 130 ta filialga ega.