“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev boshchiligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda klub bosh direktori va bosh murabbiy lazovimidan ozod etildi. Bu haqida jamoa matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yig‘ilishda so‘nggi vaqtda klubdagi nosog‘lom muhit, klubning Superligadagi salbiy ishtiroki keskin tanqid qilindi.
Barcha sharoitlar yaratib berilganiga qaramay kutilgan natijani bermayotgani, bunga so‘nggi vaqtlarda asosiy jamoaning ko‘rsatayotgan o‘yinlari va erishgan natijalaridan ham ko‘rish mumkinligi, xususan, Superliga joriy mavsumining 18-turidan so‘ng jamoa 20 ochko jamg‘argan holda 9-o‘rinda borayotgani tanqid ostiga olindi.
Klub direktori Mirzayev Ulug‘bek hamda asosiy jamoa murabbiyi Viktor Karpenkoning o‘z vazifalarini yetarli darajada bajarmayotganligidan dalolat berayotgani ma’lum qilindi hamda direktor Ulug‘bek Mirzayev lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga “Bunyodkor” akademiyasi direktori Aziz Haydarov tayinlandi.
Asosiy jamoa murabbiyi Viktor Karpenko o‘rniga “Bunyodkor” U-21 jamoasi bosh murabbiyi Ivan Boshkovich tayinlandi.
Akademiya rahbari sifatida shu kunga qadar faoliyat yuritib kelgan Aziz Haydarovning klub bosh direktori bo‘lgani sabab, “Bunyodkor” akademiyasi direktorligiga, akademiyada faoliyat yuritib kelayotgan Islom Ahmedov tayinlandi.