Germaniya hukumati Rossiyaning Ukrainadagi bosqini tufayli uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan va mamlakatning boshqa hududlariga ko‘chib o‘tgan qochqinlarga yordam berish uchun 200 million yevro (199 million dollar) ajratadi. Bu haqda Germaniyaning iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Svenya Shultse ma’lum qildi.
“Pullar Ukrainada ichki ko‘chirilganlarni asosiy ehtiyojlari bilan ta’minlashda davom etish uchun mo‘ljallangan”, — dedi u.
Shultsening qo‘shimcha qilishicha, u Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal bilan qochqinlarga Germaniya tomonidan yanada ko‘proq yordam berish masalasini muhokama qilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2-sentabr holatiga Ukrainadagi ichki ko‘chirilganlar soni qariyb 7 million kishiga yetgan. Taxminan, yana shuncha fuqaro qochqin sifatida Yevropaga jo‘nab ketgan, ulardan 4 millionga yaqini tegishli maqom yoki hukumat dasturlari doirasida boshqa turdagi himoya so‘ragan. 30-avgust holatiga ko‘ra, Germaniyada 970 mingdan ko‘proq ukrainalik qochqin bor. Germaniya Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orasida ukrainaliklarni eng ko‘p qabul qilgan mamlakat hisoblanadi.
Izoh (0)