Buxoroda uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan xaroba hovli madaniy meros sifatida ro‘yxatga olinadigan bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Buxoro shahridagi “Abdurauf Fitrat” mahallasi, Abdulla To‘qay ko‘chasida joylashgan va tashlandiq holga kelib qolgan hovli hududdagi 30-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti yonida joylashgan. Hovliga mazkur bolalar bog‘chasi orqali kiriladi.
“Uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolib, xarobazorga aylangan hovlini tikan va begona o‘tlar bosgan. Har bir burchagida axlatxona paydo bo‘lgan. Qadimiy mehroblari, naqshinkor ustunlari, tom bolorlari esa haliyam salobatini yo‘qotmagan. G‘ishtin devorlari to‘kilib ketgan bo‘lishiga qaramay, yog‘och ustunlari baquvvat. Buxoroda turizm rivojlanayotgan paytda e’tiborga muhtoj xarobazorga aylangan hovliga qarab, yashashga, hayotga talpinayotgan, ammo, keksaygan, qaddi dol cholning siyratini ko‘rgandek bo‘ldik. Ko‘ngil xira tortdi”, — deydi xaroba haqida gapirgan suhbatdoshlardan biri.
Shu atrofda yashovchi aholining so‘ziga ko‘ra, qarovsiz hovlining g‘ishtlari ham to‘kilib tushmoqda.
“Ushbu hovlining orqa tarafi shundoq bizning hovli bilan tutash. Qarovsiz uylarning ag‘nab, to‘kilib borayotgani biz yashab turgan hovli devorlarining ham yorilib ketishiga sabab bo‘lmoqda”, — deydi shu yerda yashovchi fuqarolardan biri Nasiba Ibragimova.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Shohabbos Sharofiddinovning aytishicha, ushbu hovlining bo‘sh va qarovsizligi boshqarma tomonidan 2021-yil boshida aniqlangan.
“Buxoroda 829 ta madaniy meros obyekti mavjud. Bu obyekt esa hozircha madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olinmagan, ammo tarixiy-madaniy qiymatga ega. Shu bo‘yicha Madaniy meros agentligiga taklif kiritganmiz. Taklif kiritilgan kundan e’tiboran esa uni Madaniy meros muhofazasiga olingan, deb hisoblasa bo‘ladi. Ushbu qadimiy madaniy ahamiyatga ega obyektning tarixiy ahamiyatini yo‘qotmagan holda restavratsiya qilishni mo‘ljallaganmiz. Xudo xohlasa, ushbu obyekt xalqimizga juda betakror ko‘rinishda qayta tortiq etiladi”, — deydi Shohabbos Sharofiddinov.
Izoh (0)