“UzAuto Motors” kompaniyasi 2022-yilning dastlabki 6 oyida 160 ming dona avtomobilni sotuvga chiqarib, ishlab chiqarish samaradorligi bo'yicha rekord o'rnatdi
“Katta ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari ichida avtomobil ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha 2022-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, o‘zbek kompaniyasi yetakchilik qildi”, – deb hisoblaydi Promreyting tahlil agentligi ekspertlari. Rossiyaning mazkur agentligi yangi tadqiqotida keltirilishicha, yanvar–iyun oylarida O'zbekiston Rossiya Federatsiyasiga nisbatan ko'proq yengil avtomobil ishlab chiqardi va MDH avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida ishlab chiqarish hajmlari bo'yicha yetakchilikni qo'lga kiritdi.
Hamdo‘stlikka a’zo to‘qqizta mamlakatning beshtasida o‘z avtomobil sanoati mavjud, deya ta’kidlamoqda avtomobil ishlab chiqarish hajmlari bo‘yicha MDH mamlakatlarining eng yirik kompaniyalari reytingini tuzishni maqsad qilgan agentlik. Bunda 2021-yil va 2022-yilning birinchi yarmiga oid ma’lumotlar hisobga olingan. So‘nggi oylarda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi vaziyat keskin o‘zgargani sababli bu yilgi statistika o‘z ichida ayrim kutilmagan holatlarni qamrab olgan, deb ogohlantiradi tadqiqot mualliflari.
MDH tarkibiga 9 ta davlat – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Аrmaniston, Ozarboyjon, Moldaviya, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Mazkur mamlakatlar aholisining umumiy soni 250 mln kishi atrofida, ya’ni bu ulkan bozordir. Sanab o‘tilgan davlatlardan faqat dastlabki beshtasi yagona bojxona va iqtisodiy makon sharoitida ish olib boradi. Boisi, ular mintaqaviy integratsiya tashkiloti – Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) a’zosi hisoblanadi.
Rossiya va Belarusda avtomobil sanoati SSSR davridan boshlab shakllangan. So‘nggi 25 yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham yirik avtosanoat korxonalari noldan barpo etildi. Shuningdek, Belarusda yengil avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi yillarda Ozarbayjonda kichik avto yig‘ish korxonalari paydo bo‘ldi.
«Shu o’rinda qayd etish kerakki, so’nggi yillarda Qozog‘istonning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi bir vaqtning o‘zida bir nechta biznesini yopib tang vaziyatga tushib qoldi. Hozirda yetakchilik maqomi “Азия авто”dan “Сарыарка автопром"ga o‘tdi. Vaziyatni odatiy deb bo‘lmaydi. Biz bu qadar yirik mojarolar va biznesning bo‘linishidan ancha chiqib qolganmiz. Har holda bu to‘qsoninchi yillar emas” – deya ta’kidlanadi tadqiqotda.
Shuningdek, “Аvtovaz”ning Ijevsk maydonchasidagi “osilib turgan” holatni ham aytib o‘tish kerak. Tadqiqot o‘tkazilish vaqtida media makonida Lada Vesta’ning ishlab chiqarilishini Ijevskdan Tolyatti’ga ko‘chirish ehtimoli haqida xabarlar tarqaldi.
Beshta mamlakatda 2021-yil yakunlariga ko‘ra, yengil va yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish hajmlari quyidagicha:
1. Rossiya — 1,4 millionta;
2. O‘zbekiston — 236 mingta;
3. Qozog‘iston — 93 ming (yuk mashinalari va avtobuslar bilan birga);
4. Belarus —35 mingtaga yaqin;
5. Ozarboyjon — 2 mingta.
O‘tgan yilning yakunlariga ko‘ra, MDHda yengil va yengil tijorat avtomobillari yirik ishlab chiqaruvchilari o‘ntaligi quyidagicha ko‘rinishda:
1. Аvtovaz (Tolyatti va Ijevsk, Rossiya) — 430 ming avto;
2. UzAuto Motors (Аsaka va Xorazm, O‘zbekiston) — 236 ming;
3. Hyundai Motor Manufacturing Rus (Sestroretsk, Rossiya) — 234 ming;
4. Аvtotor (Kaliningrad, Rossiya) — 177 ming;
5. Volkswagen Group Rus (Kaluga, Rossiya) — 118 ming;
6. GАZ (Nijniy Novgorod, Rossiya) — 117-127 ming avto: 65-75 ming o‘z brendidagi yengil tijorat avtomobili (aniq ma’lumot yo‘q) + 52 ming yengil Volkswagen va Skoda avtomobili;
7. Renault Rossiya (Moskva, Rossiya) — 88 ming;
8. Toyota Motor Manufacturing Rus (Shushari, Rossiya) — 81 ming;
9. SariarkaАvtoprom (Kostanay, Qozog‘iston) — 60 ming (yuk avtomobillari va avtobuslar bilan birga) ;
10. Nissan Motor Manufacturing Rus (Sankt-Peterburg, Rossiya) — 45 ming.
“2022-yilning birinchi yarmida Yevrosiyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat ma’lum sabablarga ko‘ra keskin o‘zgardi. Ukrainadagi voqealar tufayli g‘arb davlatlari fevral oxiridan buyon Rossiyani sanksiyalar bilan ayovsiz “bo‘g‘moqda”. Yevropa va Yaponiya kompaniyalarning aksariyat qismi noma’lum vaqtga Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi. Xorijdan butlovchi qismlarning to‘liq yetkazib berilmasligi oqibatida Rossiya kompaniyalariga tegishli avtozavodlarda normal avtomobil ishlab chiqish sur’ati izdan chiqdi”, – deya ma’lumot beradi Promreyting.
Rossiya avtosanoatining yetakchi kompaniyasi “Аvtovaz” 2022-yilning yanvar–iyun oylarida avtomobil ishlab chiqarishga oid ma’lumotlarni oshkor qilmadi. Ammo mustaqil ekspertlarning taxmin qilishicha, ko‘rsatilgan davrda kompaniya o‘zining ikkita avtozavodida jami 80 mingdan ko‘p bo‘lmagan mashina yig‘di. Negaki, komponentlarning yetib kelishidagi uzilishlar sababli “Аvtovaz” quvvatlari fevraldan iyulgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida asosan ishsiz turib qoldi.
Rossiyadagi Hyundai zavodi mart boshidan buyon siyosiy sabablarga ko‘ra ishlashdan to‘xtagan. Biroq dastlabki ikki oy yakunlariga ko‘ra, u 40 mingtaga yaqin mashinani sotuvga chiqarishi mumkin edi. 2022-yil boshidan buyon Rossiya hududidagi boshqa avtozavodlarda mashina ishlab chiqarish natijalariga oid ma’lumotlar juda kam.
Ishonch bilan aytish mumkinki, 2022-yil davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston avtozavodlari o‘z konveyerlarida mashina chiqarishni faol oshirib boradi. Chunki ular ayni payda Rossiya va Belarusdagi korxonalar aziyat chekayotgan xalqaro cheklovlardan holi.
Bundan tashqari, “UzAuto Motors” to‘g‘ri investitsiya siyosatini olib bormoqda. Kompaniya o’z ishlab chiqarish quvvatlarida GM GEM platformasidagi avtomobillarning ishlab chiqarilishini yo’lga qo’yish uchun 620 million dollar sarmoya kiritdi. 2022-yilning iyulidan (bu inqirozning ayni avj pallasi ekanini hisobga olish zarur) o‘zbek kompaniyasining Аsaka shahridagi quvvatlarida yangi Chevrolet Tracker krossoveri tovar namunalarining ommaviy ishlab chiqarilishiga start berildi. 2023-yil boshida unga sedan Chevrolet Onix qo‘shiladi. Keltirilgan ma’lumotlarga tayanib, ishonch bilan aytish mumkinki, MDHdagi avtomobil ishlab chiqarish geografiyasi yaqin yillarda sezilarli darajada o‘zgarmaydi.