Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi erkak 17-iyul kuni qaynsinglisini oftoba bilan urib o‘ldirdi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi tumanidagi “Kojor” MFYda yashovchi, viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida dispanser hisobida turuvchi ruhiy kasal M.P. soat taxminan 07:15 da Qarshi shahri “Kamandi” MFYda yashovchi qaynsinglisi R.D.ning yashash xonadoniga yashirincha tarzda kirgan.
Undan oilasining shaxsiy ishlariga nega aralashayotganini so‘rab, o‘zaro janjallashib qolgan. Oqibatda M.P. hovlida turgan oftoba bilan qarindoshi R.D. boshining orqasiga o‘ta shafqatsizlarcha uch marotaba urib, unga hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Hushsiz holatga kelib, olgan tan jarohati tufayli ayol vafot etgan, uning uch nafar bolasi bo‘lgan.
Holat yuzasidan Qarshi shahri prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)