Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

So‘nggi paytlarda onlayn qimor o‘yinlari ayrim toifadagi insonlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bunday o‘yinlar natijasida nafaqat moliyaviy ta’sirga, balki qaramlikni keltirib chiqaruvchi hissiy ta’sirga ham tushib qolish holatlari ko‘p uchramoqda.

Milliy urf-odatlarimiz va mentalitetimizga, shuningdek, diniy qarashlarimizga yot bo‘lgan qimor o‘yinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish holatlari, ayniqsa, onlayn tarzda ommalashib, o‘smir va yoshlarni o‘z domiga tortayotgani achinarli holatlardan biridir.

Hattoki, bunday o‘yinlarda ko‘p miqdoridagi pulini yutqazib qo‘yib, oxir-oqibat o‘z joniga qasd qilish yoki yutqazib qo‘ygan pulini to‘lash uchun jinoyat sodir qilish holatlari ham yuz bermoqda.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda respublikada totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish va albatta, bunday xizmatlarni reklama qilish noqonuniy hisoblanadi. Bu borada 2021-yilda o‘tkazilgan 1 105 ta o‘rganishlarda 102 ta holatda bunday noqonuniy xizmatlar reklamasi aniqlangan. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 30 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qo‘yildi.

Binobarin, mamlakatimizda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasida jinoyat sifatida belgilab qo‘yilgan. Qolaversa, bunday o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etishga jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 191-moddasida ma’muriy huquqbuzarlik sifatida e’tirof etilgan.

Jumladan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud to‘rt oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi”.

Bu borada xorij tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Germaniyada qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar bilan bog‘liq jinoyatlar Jinoyat kodeksining “G‘arazli jinoyatlar” bo‘limidan joy olgan hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda ishtirok etgan shaxs uchun belgilangan jazo esa 6 oygacha etib belgilangan.

Fransiyada qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari 1983-yilda qabul qilingan “Qimor o‘yinlari to‘g‘risida”gi qonunda bayon etilgan. O‘tgan vaqt davomida mazkur qonunga bir necha bor o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Qonunning 1-moddasiga binoan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzish, ya’ni mazkur faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish yoki litsenziya talablariga rioya etmaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 90 ming yevrogacha jarima qo‘llash bilan jazolanadi. Agar qilmish bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, jazo 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 200 ming yevrogacha jarima solishgacha og‘irlashadi.

Buyuk Britaniyada qimor o‘yinlarini tartibga solish maqsadida 2005-yilda “Gambling Act 2005” nomli normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Mazkur hujjatda kazinolardagi o‘yin biznesini, o‘yin avtomatlaridan foydalanishda, lototereyalar tashkil etishda, shuningdek, bukmekerlik idoralarining faoliyatida yuzaga keluvchi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan nazorat qiluvchi moddalar nazarda tutilgan. Shuningdek, ushbu hujjat o‘yinga oid faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berish tartibini va mazkur turdagi faoliyatni nazorat qiluvchi organ – Gambling komissiyasi (Gambling Comission)ning vakolatlarini belgilaydi.Bundan tashqari, “Gambling Act 2005”da voyaga yetmagan shaxslarni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb etish masalasiga alohida to‘xtalgan. Voyaga yetmagan shaxslarga qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni har qanday shaklda reklama qilganlik uchun ham javobgarlik belgilangan. Qonunning 46-moddasida voyaga yetmagan shaxslarga qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa o‘yinlar haqida ma’umotlar berish va ularda bu kabi o‘yinlarga qiziqish uyg‘otish jinoyat tarkibini keltirib chiqarishi belgilangan.

Shuningdek, qonunning 47-moddadasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar tashkil etiladigan hududlarga voyaga yetmagan shaxslarning kirishiga imkon bergan shaxslarning javobgarligi belgilab qo‘yilgan.

AQSHning Federal miqyosdagi va 50 ta shtat miqyosidagi Jinoyat kodekslari, shuningdek, Kolumbiya Federal okrugining jinoyat kodeksi asosida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda o‘tkazish jinoyatlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, AQSH qonunlari (United states Code)ning “Gambling” (“Qimor o‘yinlari”) deb nomlangan bobida qonunga xilof ravishda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etganlik uchun javobgarlik masalalari yoritilgan.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarning qonunga xilof ravishda tashkil etilishi va o‘tkazilishi fuqarolarga nafaqat ruhiy ta’sir o‘tkazadi, balki moliyaviy qaramlikka duchor etib, oilaviy nizolarga ham sabab bo‘ladi. Shuningdek, ushbu faoliyat naqd pullarning bankdan tashqari muomalasi ko‘payishiga, soliqlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlanishiga yo‘l ochadi hamda shu orqali mamlakatimizning iqtisodiy ravnaqiga putur yetkazadi.Shunga ko‘ra, fuqarolarning ogohligini oshirish, davlatning bu boradagi nazoratini kuchaytirish hamda ota-onalar tomonidan o‘z farzandlarining bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishi ustidan muntazam nazorat olib borilishi yuqoridagi kabi salbiy illatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Yulduz Jonuzoqova,

Adliya vazirligi huzuridagiHuquqiy siyosat tadqiqot institutimas’ul xodimi

Izoh
Asosiy yangiliklar
Shou-biznes
Kayli Jenner — 25 yoshda: chandig‘i bilan faxrlanadigan, fermer bo‘lishni orzu qiladigan sayyoradagi eng yosh milliarder qiz haqida qiziqarli ma’lumotlar
Sport
Rasman: Mahmud Murodov UFC 280 da jang qiladi
Mahalliy
O‘zbekistonda 13-avgust kuni kuzatiladigan ob-havo ma’lumoti