“Hisor” davlat qo‘riqxonasida qor qoploni fotoqopqonga tushib qoldi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida shu kunlarda qo‘riqxona hududiga o‘rnatilgan fotoqopqonlarni o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘rganish davomida qo‘riqxonaning Tanxozdaryo bo‘limiga o‘rnatilgan fotoqopqon ham shu yil qish faslida qor qoplonini kamera obyektiga muhrlagani ma’lum bo‘lgan.
Tasvirdan ko‘rish mumkinki, soy bo‘ylab chiqib kelayotgan qor qoploni anchayin yirik jussali bo‘lib, kameraga juda yaqin joydan tiniq holatda tasvirga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, qor qoploni bugungi kunda noyob tur hisoblanib, xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. Mushuksimonlar oilasiga mansub bo‘lgan bu jonivorlar Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi Chotqol davlat biosfera va Hisor davlat qo‘riqxonalarida doimiy muhofazaga olingan.