“2022—2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.
Qayd etilishicha, farmon bilan 2022—2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlangan. Kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal o‘sishini ta’minlash strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, farmonga muvofiq strategiyani amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari hamda hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangan.
Maqsadli ko‘rsatkichlar doirasida:
- innovatsion faoliyat subyektlari soni 613 tadan 2 250 tagacha yetkaziladi;
- innovatsion infratuzilma subyektlari soni 3 baravarga oshiriladi;
- innovatsion tadbirkorlik natijasida yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni 4 baravarga oshiriladi.
2022-yil 1-avgustdan “tubdan yangilovchi” innovatsiyalar yaratishni rag‘batlantirishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
- mahalliy ilmiy tashkilotlar va korxonalarga innovatsion tovarlar bo‘yicha davlat organlari bilan shartnomalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri imzolash huquqi beriladi;
- ustav fondida 50 va undan ko‘p foiz davlat ulushi bor xo‘jalik jamiyatlarida foyda solig‘ini to‘lagungacha uning 10 foizgacha ajratmalaridan Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
- mablag‘lar “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarni yaratishga va joriy qilishga yo‘naltiriladi;
- jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar portfeli Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi.