Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklari teng bo‘lib dunyoga keladi. Irqi, tana rangi, jinsi, e’tiqodi va siyosiy qarashlari, tabaqasi hamda ijtimoiy kelib chiqishi jamiyatdagilardan farq qilgani kamsitilish, tahqirlash, yerga urish va ajratilishga sabab bo‘lmasligi kerak. Bunday diskriminatsiyalarga qarshi kurashgan shaxslar nafaqat o‘zi balki, butun insoniyat taraqqiyoti, ravnaqi va hayotning tinch kechishiga hissa qo‘shadi.

“Daryo” “Tarixda qolgan ayollar” ruknida irqiy ayirmachilik, tengsizlikka jim qarab turolmagan, qachondir bunga barham berish kerakligini o‘z jur’ati misolida isbotlagan Roza Parksning hayot yo‘liga nazar tashlaydi.

Bolalikdan boshlangan notenglik

Roza Parksning bolaligi

Roza Parksning bolaligi
Foto: Getty Images

Qora tanli amerikaliklar, ayniqsa ayollarning kamsitilishiga qarshi kurashgan, ularning manfaatlari uchun jon kuydirgan ayol sifatida tarix sahifalarida qolgan Roza Parks 1913-yil Taskigi shahrida, duradgor va o‘qituvchilar oilasida dunyoga keldi. Kelib chiqishi afroamerikalik, shotland, irlandiyaliklarga borib taqalgan Parksning salomatligi bilan bog‘liq muammolar bezovta qiladi. Surunkali tonzillitdan aziyat chekkan qizaloqning ota-onasi u 5 yoshga to‘lar-to‘lmas ajrashishga qaror qiladi. Onasi turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlariga chek qo‘ygach, ikki farzandini olib ota uyi — Alabamadagi fermaga ko‘chib ketadi.

Onasi ish bahonasida haftalab yo‘q bo‘lib ketar, bolalar bo‘lsa asosiy vaqtini buva va buvisi bilan o‘tkazardi. Kun kelib onasi qayta turmushga chiqadi. Ammo 8 yil birga yashagan bo‘lsa-da, Roza keyinchalik biron marta ham o‘gay otasining ismini tilga olmaydi. 11 yoshigacha qishloq maktabida tahsil olgan qiz, o‘quvchilik yillaridayoq irqchilik bilan bog‘liq diskriminatsiyaga duch keladi — oq tanlilar maktab avtobusidan foydalanganda, qora tanlilar piyoda qatnashga majbur bo‘lardi. Kamiga ularning oq tanlilar bilan birga darsda o‘tirishi mumkin emasdi.

Qora tanlilar uchun mo‘ljallangan maktabdagi ahvolni esa qoniqarli deb bo‘lmas, o‘quvchilar ko‘proq vaqtini qishloq xo‘jaligi ishlariga sarflashi uchun dars soatlari soni kam ajratilgandi. Boshlang‘ich maktabni tamomlagan Roza keyinroq Miss Uayt qizlar maktabida o‘qiy boshlaydi. U yerda tikish-bichishni o‘rgangani hayoti davomida asqatadi. O‘qish vaqti u o‘zi singari qora tanli amerikaliklarning huquqlari uchun kurashuvchi faol Raymond Parks bilan tanishadi. Aksariyat vaqtini birga o‘tkazgan juftlik din, saylovda ishtirok etish va umumiy erkinlik borasida soatlab suhbat qurar, ularning bu boradagi fikrlari bir-biriga to‘g‘ri kelardi.

16 yoshida buvisining salomatligi sabab maktabni tashlab ketgan Roza oradan uch yil o‘tib Raymond bilan oila quradi. Umr yo‘ldoshi o‘qishni davom ettirishga ko‘ndirgani bois 1933-yilda diplomni qo‘lga kiritadi. Bir qarashda bu fakt g‘ayrioddiy tuyulmas, lekin 1930-yillarda o‘rta ta’lim diplomiga ega mutaxassislar AQSHdagi qora tanli aholining atigi 7 foizinigina tashkil qilardi.

Tahqirlangan inson shani

Foto: Getty Images

Fuqarolik urushi va qullik taqiqlanganidan so‘ng janubiy shtatlarda irqiy segregatsiya va ozod qilingan qora tanlilar diskriminatsiyasiga qarshi “Jim Krou qonunlari” qabul qilinadi. Ammo irqiy ayirmachilik bilan bog‘liq mojarolar tobora orta boshlaydi. Shunchalik jiddiylashgan vaziyat qora tanlilarning kaltaklanishi-yu, o‘ldirilishigacha boradi, hatto.

Rozaning bularni boshqalar singari odatiy qabul qilmasligiga bobosining taqdiri ham sabab bo‘lgandi. Savdogar va uning qo‘lida qul bo‘lib ishlagan qora tanli ayoldan nikohsiz tug‘ilgan bobosi bolaligida o‘z otasi tomonidan tahqirlangani, boshqalar xo‘rlaganda ham shunchaki kuzatib turganini aytib berardi. AQSHda qullikka chek qo‘yilishi ham uning hayotini osonlashtirmagan. 1900-yillarda Alabamada Ku-kluks-klan tobora mashhurlashgan, bora-bora qirg‘inlar odatga aylangandi.

Olti yoshda biz aslida ozod emasligimizni anglash uchun yetarlicha katta edim.

Roza Parks

Nomi o‘lim bilan sinonimga aylangan Ku-kluks-klan tashkilotiga 1865-yilda asos solingandi. Ular qotillik, o‘t qo‘yish va kaltaklash kabi jinoyatlarni osongina amalga oshirar, aholining qora tanli qismi klan a’zolarining vahshiyona harakatlaridan yurak hovuchlab yashardi. Roza ham 1920-yilda buvasining Ku-kluks-klan hujumidan qo‘rqib miltiq saqlagani, kechalari eshik yonida qo‘riqchilik qilib chiqqanini yaxshi eslaydi.

“Bobomning miltig‘i doim shay turar, men esa kechasi bilan uning yonida o‘tirib chiqardim. Boshimdan o‘tkazgan ayrim narsalar sabab haligacha surunkali uyqusizlikdan aziyat chekaman”, — degandi Roza Parks.

Bobosining bolaligidagi yuki og‘ir hikoyalarini tinglab katta bo‘lgani yetmagandek, o‘zi va ukasining tengdoshlari tomonidan mazax qilinaverishiga ko‘z yumib bo‘lmasdi. Hammasi bir bo‘lib, axiri bir kun sabr kosasi to‘ladi va ukasini o‘ksitganlardan birining ta’zirini berib qo‘yadi. Ushbu voqeadan keyin buvisiga nabiramni “samosud” qilishsa-chi, — degan o‘ylar tinchlik bermaydi. Rozaning aytishicha, undagi kamsitilishlarga qarshi kurashish hissi bolaligida, ukasini boshqalardan himoya qilishga bel bog‘lagan vaqtda alangan olgan.

Tikuvchilik ortidan kun ko‘rgan “aktivist”

Foto: Getty Images

Roza 1932-yil 18-dekabrda kasbi sartarosh-u, o‘zi kamsitilishlarga qarshi faol bo‘lgan Reymond Parks bilan oila quradi. Turmushi davomida farzandli bo‘lmaganiga qaramay, ish va faollik borasida fikrlari doim bir joydan chiqadi. Shunday bo‘lsa-da, teri rangi tufayli ish topish bilan bog‘liq muammolar kuzatiladi. Alaloqibat tikuvchilik ortidan kun ko‘ra boshlaydi.

Juftlik nohaqlik va kamsitilishlarga jim qarab turib bo‘lmasligi, bunga qarshi kurashish kerakligini tushunib yetadi. 1943-yilda NAACP (Rangli aholining taraqqiyotiga ko‘mak berish milliy assotsiatsiyasi)ga qo‘shilgan Roza keyinroq Montgomeri shahridagi mahalliy bo‘lim kotibasiga aylanadi. NAACP’ning a’zosi bo‘lgan Parks skottsborolik yigitlar ishiga yordam sifatida mablag‘ yig‘a boshlaydi. Bir necha o‘n yillar o‘tsa hamki, muhokama qilishdan to‘xtalmagan sudga 1931-yilning bahorida bo‘lib o‘tgan voqea sabab bo‘lgandi.

Alabama shtati bo‘ylab harakatlanayotgan poyezddagi yigitlar orasida chiqqan mushtlashuv, politsiya xodimlarining 9 nafar qora tanli yigitlarni olib ketishi-yu, ikki ayolning zo‘ravonlikdan aziyat chekkani aytilgan ko‘rsatmasi bilan davom etadi. Faqatgina oq tanlilardan iborat sudyalar esa yigitlarni baravariga aybdor topib, ulardan sakkiztasini o‘limga hukm qiladi. Bunga jim qarab bo‘lmas, adolatsizlikka qarshi chiqqanlar orasida esa tabiiyki Parks ham bor edi. Uzoq davom etgan sud jarayoniga Kommunistik partiya aralashuvidan so‘ng 1937-yilda aybdorlardan beshtasi oqlanadi.

Adolat izlab

Politsiya idorasiga olib ketilgan Roza Parks

Politsiya idorasiga olib ketilgan Roza Parks
Foto: Getty Images

Parks xonim NAACP a’zosi sifatida Alabama bo‘ylab ko‘p kezadi. Safari davomida irqiy ayirmachilik, kamsitilish va “samosud”dan aziyat chekkanlardan intervyu oladi. Ular orasida 1944-yilda 6 nafar oq tanli erkak olib qochib zo‘ravonlik qilgan, shunday bo‘lsa-da, o‘zining jabrdiydaligini isbotlolmagan 24 yashar Reysi Teylor ham bor edi. Teylor zo‘ravonlar qilmishlariga yarasha jazolansin, deya mahalliy sherifga murojaat qilgan, lekin avj olgan irqchilik sabab Alabama sudini bunga ishontirish qiyin bo‘lgan.

Adolat qaror topishini istagan Roza Reysiga yordam berishga yeng shimarib, surishtiruv olib borgan, tergovda xatoga yo‘l qo‘yilganini fosh qilishning uddasidan chiqqan. Himoyachilar jamoasini shakllantirishdan tashqari, OAV vakillarini ham jalb qilgan. Ammo bularning bari besamar ketadi — tajovuzkorlar oqlanib, suvdan quruq chiqadi. Ammo egilsa ham sinmaydigan haqiqat — 2011-yil Alabama shtati Teylor oldida bo‘lib o‘tgan hodisa uchun uzr so‘rashi bilan qaror topadi.

Hayotini o‘zgartirgan voqea

Foto: Getty Images

Parksning o‘zi ham doimiy ravishda kamsitilishlarga duch kelavergan, lekin 1943-yildagi avtobusda bo‘lib o‘tgan holat hammasidan o‘tib tushadi. Doimiy kunlarning birida qora tanli yo‘lovchilarga qo‘pol munosabatda bo‘lib, ularning sha’nini tahqirlashga o‘rganib qolgan Jeyms Bleyk ismli haydovchi, avtobusning oldi eshigidan chiqqan Rozadan tushib, orqa eshikdan qayta chiqishni talab qiladi. Parks itoat qilib tushganida esa Bleyk boshqaruvidagi avtobus yurib ketadi.

“Men boshqa bu odam haydaydigan avtobusga chiqishni umuman xohlamadim. Ushbu voqeadan keyin avtobusga chiqishdan avval uni kim boshqarayotganiga e’tibor bera boshladim. Bunday nobakor bilan boshqa to‘qnashgim kelmasdi”, — degan Parks bolib o‘tgan ishdan keyin.

Biroq bu Bleyk bilan bog‘liq oxirgi mashmasha emasdi. Parks ming e’tiborli bo‘lishga urinmasin, jini suymagan haydovchi boshqaradigan avtobusga chiqishdan qochib qutilolmagan. Ammo navbatdagi voqea avvalgisidan farqli o‘laroq nafaqat Roza, balki AQSHdagi barcha afroamerikaliklarning hayotini butkul o‘zgartirib yuboradi.

Foto: Getty Images

1955-yilning 1-dekabr kuni ishdan uyga qaytayotgan ayol shunchalik charchaganidan, uzoq vaqtdan buyon birinchi marta rulda kim ekaniga parvo qilmasdan avtobusga chiqib o‘tiradi. Qaysidir lahzada Bleyk “oq” yo‘lovchi o‘tirmoqchi ekanini aytib, Rozadan joyni bo‘shatishni talab qiladi. O‘sha kungacha bo‘lgan qoidaga ko‘ra, Parks so‘zsiz itoat qilib, o‘rnidan turishi, oq yo‘lovchiga joy berishi kerak edi. Bundan sal avvalroq Rozaning tanishi haydovchining “gapiga kirmagani” uchun avtobusdan juda ham qo‘pol tarzda haydalgan, bundan esa tabiiyki Rozaning xabari bor edi.

Muttasil xo‘rlangan bobosi, kaltaklangan ukasi, yoqib yuborilgan maktab, mazax va tahqirlarga nuqta qo‘yish vaqti kelgandi. Buni ich-ichidan anglagan, notengliklar hiqildog‘iga kelgan ayol jim turib, harakatsiz isyon qiladi, ya’ni oqibatini juda yaxshi bilsa-da, hamma qatori yo‘l haqi to‘lab o‘tirgan joyidan turmaydi. Haydovchi uning gapiga “quloq solmagan” yo‘lovchiga: “Politsiyaga qo‘ng‘iroq qilaman”, — deya po‘pisa qiladi. Roza esa: “Qilaver”, — degancha pinagini ham buzmaydi. Oradan ko‘p o‘tmay yetib kelgan politsiya xodimlari “joy bermagan” ayolni qo‘llariga kishan taqib olib ketadi. Sud uni aybdor topib, 10 dollar miqdorda jarima belgilanadi.

“Men charchamagandim. Odatdagidan ko‘proq jismoniy toliqmagandim ham. Men his qilgan yagona charchoq — noilojlikdan bo‘ysunish bilan bog‘liq edi”, — deydi u o‘sha kun haqida gap ketganda.

Bo‘lib o‘tgan mashmashadan keyin yosh va hali tanilib ulgurmagan Martin Lyuter King ismli pastor (protestant mazhabidagi ruhoniy) Rozani himoya qilishga kirishadi. U boshchiligida jamoat transportiga boykot e’lon qilinadi.

Parks yashaydigan shahar — Montgomeridagi deyarli barcha qora tanlilar avtobusga chiqmay, ish va o‘qishga piyoda yoki velosipedda qatnay boshlaydi, transport vositalari bo‘shab qoladi. O‘zini qoplolmayotgan avtobus liniyalarining bir nechtasi hukumat tomonidan yopiladi. 381 kun davom etgan norozilikka 40 mingga yaqin kishi qo‘shiladi.

Rozaning o‘zi ham namoyishlarda ishtirok eta boshlaydi, u a’zo faollar guruhi boykot tarafkashlari uchun xususiy mashinalarda safar tashkillashtiradi. Shu tariqa 1956-yil 21-fevralda Parks takroran, qisqa muddatga qamoqqa olinadi. The New York Times esa uning politsiya idorasidagi fotosuratini chop etadi.

1956-yil 13-noyabrda AQSH oliy sudi jamoat transportida segregatsiyani qonunga xilof deb topadi. Bu Martin Lyuter King va oddiy tikuvchidan irqiy ayirmachilikka qarshi kurashgan ayol — Roza Parksning ilk g‘alabasi edi. Biroq Rozaning mashhurligi oilaviy hayotiga ijobiy ta’sir qilmaydi.

Raymond ishidan ayriladi — uning rahbari gazetalar “gapirishdan” to‘xtamayotgan qo‘zg‘olonchining turmush o‘rtog‘i bilan ishlashni istamaydi. Rozaning o‘zi ham ishsiz qoladi, unga o‘ldirish bilan bog‘liq po‘pisalar ham ko‘payadi. Shu va boshqa sabablar Parkslarning Montgomeridan Detroytga ko‘chib o‘tishiga olib keladi.

Detroytda hayoti asta-sekin iziga tusha boshlaydi. Kongressmen kichik Jon Konersning yordamchisi bo‘lib ish boshlaydi. Uning vazifasi ijtimoiy dasturlar bilan shug‘ullanib, uysizlarga turar joy topishga yordam berishdan iborat edi. Martin Lyuter King va boshqa faollar bilan birgalikdagi harakatlari bois keyinchalik “fuqarolik huquqlari harakatining onasi” nomini oladi.

Nafaqat Amerika, balki butun dunyoni o‘zgartirgan

Alabamadagi Roza Parksga atab qo‘yilgan haykal

Alabamadagi Roza Parksga atab qo‘yilgan haykal
Foto: Getty Images

1977-yilda beva qolgan Rozada moliyaviy muammolar ko‘payadi, uyidan ayrilishiga sal qoladi. Yoshi o‘tib qolgani hisobiga ish topishi ham oson bo‘lmaydi. Lekin qo‘shnilari, mahalliy cherkov vakillari moliyaviy ko‘mak uchun birlashib, uni yolg‘iz tashlab qo‘ymaydi. 2005-yilning 24-oktabr kuni, 92 yoshida hayotdan ko‘z yumgan Roza bilan xayrlashish marosimiga 30 mingdan ortiq kishi tashrif buyuradi.

Bill Klinton tomonidan Ozodlik medali bilan taqdirlandi, Obama esa: “U Amerika va butun dunyoning o‘zgarishiga yordam bergan”, — deya ta’kidlagan Roza Parks irqiy ayirmachilikning ayrim ko‘rinishlari o‘tmishda qolishiga hissa qo‘shgan. Hayoti qiyinchilik va muammolarga to‘la bo‘lganiga qaramay, Parks xonim qilgan ishidan afsuslanmagan.

Men to‘la huquqli fuqaro bo‘lishga munosibman, xohlayman va shu uchun kurashganman.

Roza Parks

Uning hayoti haqiqat uchun kurashish, nohaqliklarga isyon ko‘tarish irq, jins va ijtimoiy kelib chiqish bilan bog‘liq emasligi, birgina harakat yoki harakatsizlik jamiyat va dunyodagi ko‘p narsalarning o‘zgarishiga turtki bo‘lishiga isbot bo‘la oladi.

Iqtiboslari:

  • “Inson boshqalarga namuna bo‘ladigan hayot kechirishi kerak”
  • Tangri menga haqiqatni aytish uchun hamisha kuch bergan
  • “Dunyoda faqat bir irq bor. Bu ham bo‘lsa insoniyat”
  • Odamzod erkinlikdan bahra olib yashashi kerak
  • “Kimdir birinchi qadam tashlashi kerakligini bilgan holda, qimirlamaslikka qaror qildim”
  • Yoshlardagi energiya ijobiy o‘zgarishlar uchun haqiqiy kuch
  • “Meni doim erkinlikka intilgan inson sifatida eslab qolishlarini xohlayman”
  • Menga ikkinchi toifa (nav) odamdek munosabatda bo‘lishlaridan charchaganman
  • “Odamlar hissiyotsizlikdan, orzular esa jasorat va ilhom yo‘qligidan o‘ladi”
  • To‘g‘ri ish qilishdan hech qachon qo‘rqmang

Foto: “Daryo”

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Afg‘onistonda urush boshlagan AQSH, dispetcher xatoligi sabab qulagan samolyot va Putinning tug‘ilgan kunida o‘ldirilgan faol jurnalist. Kun xronologiyasida 7-okta...
Dunyo
“Ham Moskva, ham Kiyev bilan faqat men ochiq muloqot qilyapman”. Erdo‘g‘on Putin bilan qo‘ng‘iroqlashish rejasini ma’lum qildi
Mahalliy
Surxondaryodagi bog‘chada 4 yoshli bola vafot etdi