Latviya Milliy elektron OAV Kengashi hozirgacha mamlakatda mavjud bo‘lgan 80 ta Rossiya kanalining translyatsiyasini taqiqlash haqida e’lon qildi. Bu haqda Delfi xabar berdi.
Qaror 9-iyundan kuchga kiradi. Taqiq ostiga tushgan kanallarning aksariyati ko‘ngilochar xususiyatga ega: E TV, “Illyuzion +”, “Kino24”, “Mir TV”, “Oxota i ribalka”, “Perets”, “Russkiy Illyuzion” va boshqalar.
Taqiq 26-may kuni Latviya Seymi tomonidan OAV to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan yangi tuzatishlarga muvofiq joriy etildi. Mazkur tuzatishlar boshqa davlatlarning suverenitetiga tahdid soluvchi xorijiy davlatlarning dasturlari ishini cheklaydi.
Shuningdek, Elektron OAV bo‘yicha kengash Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiyadagi ishini to‘xtatgan “Dojd” telekanalining Latviyadagi faoliyatiga ruxsat berdi. Bu degani, kelajakda telekanal Rigadan ham efirga uzatiladi, dedi kengash raisi Ivars Abolinsh. “Dojd” 9-iyun kuni Latviyada ro‘yxatdan o‘tgan kanallar ro‘yxatida paydo bo‘ladi.
Avvalroq Qirg‘iziston va Turkmanistonda sanksiyalar tufayli Rossiya telekanallari translyatsiyasi to‘xtatilgani haqida xabar qilingandi.
Urush boshlanganidan keyin, shuningdek, Yevroittifoq, Avstraliya va boshqa mamlakatlar ham ularga qarshi sanksiyalar kiritdi. AQSHda Birinchi kanal, “Rossiya-1” va NTV sanksiyaga uchradi. Sanksiyalar tufayli sun’iy yo‘ldoshlar egalari bir tomonlama tartibda ushbu telekanallar uzatilishini o‘chirib qo‘ya boshladi.