Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Nigeriya hukumati mamlakatda maymunchechak tarqalishini to‘xtatish uchun ehtiyot chorasi sifatida yovvoyi hayvon go‘shtini sotishni taqiqladi. Bu haqda Africanews xabar berdi.

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish vaziri Muhammad Abubakar mamlakatdagi yovvoyi hayvonlar go‘shtini sotuvchi savdogarlar va ovchilarga bu faoliyatni to‘xtatishni buyurdi. Shuningdek, nigeriyaliklarni maymunchechak bilan kasallanishda gumon qilinayotgan odamlar bilan muloqot qilmaslikka chaqirdi.

“Nigeriyada patogen tarqalishining har qanday ehtimolini oldini olish uchun ovchilar va yovvoyi hayvon go‘shtini sotuvchilar ushbu amaliyotni darhol to‘xtatishi zarur”, — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Abubakarning ta’kidlashicha, vazirlik Nigeriya kasalliklarni nazorat qilish markazi (NCDC) va Yagona sog‘liqni saqlash jamoasi tarkibidagi boshqa manfaatdor tomonlar bilan birgalikda vaziyatni ushlab turish va nazorat qilishni ta’minlash ustida ishlamoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi veterinariya shifokorlari va boshqa xodimlarda maymunchechakning ehtimoliy holatlarini aniqlash uchun nazoratni kuchaytirishni buyurdi. Hayvonot bog‘lari, istirohat bog‘lari, qo‘riqxonalar va dam olish maskanlari operatorlariga hayvonlar va odamlar o‘rtasidagi kontaktga yo‘l qo‘yilmaslik haqida eslatildi.

Ta’kidlash joizki, Nigeriya va Afrikaning aksariyat hududlarida yovvoyi hayvon go‘shti tansiq taom hisoblanadi. Bu iste’mol uchun ovlangan har qanday yovvoyi hayvonlarga, jumladan, antilopalar, shimpanzelar, ko‘rshapalaklar, kalamushlar, kirpilar va ilonlarga tegishli.

Avvalroq shveysariyalik olim maymunchechak bilan kasallanish holatlarining ko‘payishi epidemiya boshlanishidan darak berishi mumkinligini aytgandi. May oxirida Nigeriyada maymunchechakdan birinchi o‘lim qayd etilgan.

Maymunchechak kasalligi hayvonlardan odamlarga yuqadigan noyob virusli zoonoz kasallikdir, u ilk bor 1970-yillarda Kongo Demokratik Respublikasida qayd etilgan. Alomatlari isitma va bosh og‘rig‘i bo‘lib, yuzda teri toshmasi boshlanadi va tananing qolgan qismiga tarqaladi.

Kasallikning belgilari yengil yoki og‘ir bo‘lishi, zararli holatda qichimali va og‘riqli kechishi mumkin. Kasallikni yuqtirishning ma’lum omillari ov paytida hayvonlar bilan kontaktda bo‘lish va yovvoyi hayvonlarning go‘shtini iste’mol qilishdir.

Iyun boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoning 30 ta mamlakatdagi odamlar orasida maymunchechak bilan kasallanish bo‘yicha 550 dan ortiq holatni qayd etdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Prava”ni yangisiga almashtirib beradigan onlayn xizmat faoliyatida nosozlik kuzatilmoqda
Mahalliy
O‘zbekistonda gaz zapravkalar qayta ochilishi kutilmoqda
Dunyo
Rossiya Belarusga yangi harbiy qismlar joylashtirdi — Ukraina chegara xizmati