Futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasining 37-turidan o‘rin olgan o‘yinda “Arsenal” 16-may, dushanba “Nyukasl” bilan bahs yuritdi.
“Nyukasl” mezbonligida o‘tgan bahs mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. 55-daqiqada Ben Uayt o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi va hisobning ochilishiga sababchi bo‘ldi. Uchrashuv yakunlanishi arafasida esa Bruno Gimaraes hisobni ishonchli ko‘rinishga olib keldi.
Shu tariqa “Arsenal” safarda kechgan bahsda kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi. “To‘pchilar” chempionat yakunlanishiga bir tur qolganida Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi masalasini qiyinlashtirdi. Jamoa 4-o‘rindagi “Tottenhem”dan 2 ochkoga ortda bormoqda. Agar “Tottenhem” so‘nggi turda g‘alaba qozonsa, “Arsenal” Chempionlar Ligasiga chiqa olmaydi. “Shporlar” durang o‘ynagan taqdirda esa Mikel Arteta jamoasi “Everton”ga qarshi bahsda 16 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi kerak. Hisobida 46 ochko bo‘lgan “Nyukasl” 12-pog‘onani band qilgan.
APL
37-tur bahsi
16-may, dushanba
“Nyukasl” — “Arsenal” 2:0
Gollar: 1:0 – 55, avtogol Uayt, 2:0 – 85 Bruno Gimaraes.“Nyukasl”: Dubravka, Kraft, Sher (Lassels, 49), Bern, Targett, Bruno Gimaraes, Longstaff, Almiron (Merfi, 76), Sen-Maksimen (Freyzer, 77), Uilson, Joelinton.
“Arsenal”: Remsdeyl, Tomiyasu (Soaresh, 39), Gabriel (Pepe, 73), Uayt, Nunu Tavaresh (Lyakazett, 62), Jaka, en-Nenni, Edegor, Smit-Rou (Martinelli, 53), Nketia, Saka.
Ogohlantirishlar: Uayt (8), Nketia (46).
Izoh (0)