Gollivud yulduzi Anjelina Joli o‘tgan hafta BMTning gumanitar missiyasi doirasida g‘arbiy Ukrainaga tashrif buyurgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tashrif davomida aktrisa Lvovdagi kafelardan biriga kirib, kruassan buyurtma qilgan va uni oxirigacha yemagan. Endilikda ushbu shirinlik 1 million grivnaga (34 ming dollar) sotilmoqda, deb xabar beradi “Film.ru”.
Kruassan sotilayotgani to‘g‘risidagi e’lonni Yevgeniy ismli ukrainalik yigit joylashtirgan. U aktrisa kelgan Lvovdagi o‘sha kafeda farrosh bo‘lib ishlaydi. Yigitning so‘zlariga ko‘ra, Joli rostdan ham kruassanning yarmini yemasdan qoldirgan. Narxning bu qadar yuqoriligiga qaramay, Yevgeniy savdolashishga tayyorligini bildirgan.
Suratda kruassan bir finjon qahva yonida tasvirlangan. Yevgeniyning aniqlik kiritishicha, u “topilmaga qadar o‘z ishini yomon ko‘rib kelgan”. Maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan beri Joli bir necha bor ukrainaliklar hayotidan xavotirda ekanini bildirgan va Lvovga BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha elchisi maqomida kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning iyulida shahzoda Charlz va malika Diananing to‘y marosimidagi tort bo‘lagi Angliyadagi Glostershir auksioni orqali sotuvga qo‘yilgandi. Ta’kidlanishicha, 1981-yilning iyulida aynan ushbu tort bo‘lagi qirollik oilasi a’zosi hisoblanuvchi Moyra Smitga nasib etgan. Shirinlikda tillarang, qizil, ko‘k va kumush rangga bo‘yalgan qirollik gerbi tasvirlangan.